Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat tibbiyot universiteti yaqinida hind tilida yozilgan reklama peshlavhasi o‘rnatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar hokimligi ishchi guruhi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ma'lum qildi.
Tekshiruv davomida reklama peshlavhasi belgilangan tartibda ruxsat hujjatlarisiz, ya’ni noqonuniy o‘rnatilgani aniqlangan. Shuningdek, unda axborot berish qoidalariga rioya etilmagani, “Davlat tili to‘g‘risida”gi hamda “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilgani qayd etilgan.
Hokimlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra reklama axborotlari O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida bo‘lishi shart. Zarurat tug‘ilganda boshqa tillardan ham foydalanish mumkin, biroq bu holatda ham davlat tilidagi matn ustuvor bo‘lishi va reklama qonuniy tartibda joylashtirilishi lozim.
Aniqlangan qoidabuzarliklar asosida hind tilidagi reklama peshlavhasi belgilangan tartibda demontaj qilindi. Toshkent shahar hokimligi tadbirkorlik subyektlarini reklama peshlavhalari, bannerlar va tashqi axborot vositalarini joylashtirishda amaldagi qonun talablari va ruxsat berish tartibiga qat’iy rioya etishga chaqirdi.


