Ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanida ko‘p qavatli uylarning fasad qismidagi bezakli kafellarning usti bo‘yalayotgani haqida eʼtirozli xabarlar tarqalgandi.
Shundan so‘ng, tuman hokimligi holat yuzasidan tushuntirish berdi.
Unga ko‘ra, "Katta Olmazor" mahallasidagi mazkur uylar qurilganiga 40 yildan oshgani sababli fasadlardagi mozaikalar ham taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan. Shu bois, 2022 yil 3 mart Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan qabul qilingan qaror asosida pudratchi tashkilot tomonidan mahalladagi 9 qavatli uylarning fasadlarida taʼmirlash ishlari boshlangan.
"Lekin shu yerda yashovchilarning ayrimlarida taʼmirlash ishlariga eʼtiroz bo‘lganligi sababli hozirda uylarning yon qismidagi kafelli mozaikalarni bo‘yash ishlari to‘xtatilgan. Uylarning old va orqa qismlaridagi fasadlarni taʼmirlash ishlari davom ettirilmoqda", — deyiladi xabarda.


