Joriy yilning 25-noyabr kuni soat 23:06 da Mirobod tumani, Chimkent ko‘chasida joylashgan oshxona xodimlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘rnatilgan “tashvish tugmasi” orqali Mirobod tumani Qo‘riqlash bo‘limiga mast holda janjal qilayotgan fuqaro haqida xabar kelib tushdi.
Soat 23:10 da tungi xizmatga jalb qilingan tuman Qo‘riqlash bo‘limi tezkor harakatlanuvchi guruhi voqea joyiga yetib kelganda, 1991-yilda tug‘ilgan A.A. oshxona oldida mast holatda jamoat joyida yurish-turish qoidalarini mensimasdan, fuqarolar tinchligini va jamoat tartibini buzayotganligi aniqlangan.
Fuqaroning huquqbuzarligini bartaraf etish jarayonida, u Qo‘riqlash bo‘limi xodimlarining qonuniy talabini bajarmagan va keskin qarshilik ko‘rsatgan. Shu sababli unga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jismoniy kuch ishlatilib, zararsizlantirilgan va tuman IIO FMBga topshirilgan.
Hozirda Mirobod tumani IIO FMB tomonidan A.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) va 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida tuman sudiga yuborilgan.


