1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Toshkentda milliy liboslarning noyob namunalari namoyish etildi

O‘zbekiston amaliy sanʼat muzeyida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi 30 jildlik kitob va albomlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Toshkentda milliy liboslarning noyob namunalari namoyish etildi

 

O‘zbekiston amaliy sanʼat muzeyida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi 30 jildlik kitob va albomlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tematik ko‘rgazma O‘zbekistonning barcha hududlaridagi anʼanaviy o‘zbek liboslariga bag‘ishlangan bo‘lib, uning namunalari jahon muzeylari va shaxsiy to‘plamlarda saqlanadi.

 

Shuningdek, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi nashrlarning “O‘zbekiston muzeylari va shaxsiy kolleksiyalar materiallari asosidagi anʼanaviy o‘zbek liboslari” nomli ikki jildining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda tarixiy maʼlumotlar va bizgacha yetib kelgan kiyimlar namunalari asosida yaratilgan o‘zbek xalqining milliy liboslari boy milliy merosi namoyish etilgan. Bu nashrlarda asosiy eʼtibor liboslarning mintaqaviy xususiyatlarini ochib berishga qaratilgan. Birinchi qism Buxoro, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona vodiysida kiyiladigan erkaklar va ayollar kiyimlariga bag‘ishlanadi. Ikkinchi qismda esa Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm va Qoraqalpog‘iston milliy kiyimlari haqida so‘z boradi.

 

“Milliy libos-milliylik ramzi” tadbiri doirasida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati olimlari tomonidan yaratilgan kitob-albomlar ko‘rgazmasi va taqdimoti o‘tkazildi. Amaliy sanʼat muzeyi, Yakkasaroy tumani ayollar va qizlar bilan ishlash bo‘limi, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Toshkent to‘qimachilik yengil sanoat instituti, “Osiyo Ramzi” dizaynerlar uyushmasi uning tashkilotchilaridir.

 

Barcha viloyatlardan milliy kiyim namunalari – Toshkent va Farg‘ona, Surxondaryo va Qashqadaryo aholisiga oid ayollar choponlari ko‘rgazmasi, yorqin liboslar va taqinchoqlar hamda boshqa mavzuli ko‘rgazmalar namoyish etildi.

 

Ishtirokchilar o‘tgan tadbir yuzasidan o‘z fikr va taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

 

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova:

— Bugun ko‘rgazmada ko‘rgan kitoblarimiz aql bovar qilmaydigan darajada ajoyib asarlardir. Ularni takror va takror o‘qishimiz, ular bilan ongimizni boyitishimiz kerak. Biz betakror liboslarimiz orqali madaniy merosimizni asrab-avaylaymiz va ko‘paytiramiz, yoshlarda milliy urf-odat va anʼanalarimizga mehr uyg‘otamiz.

 

Xolida Komilova, O‘zbekiston “Osiyo Ramzi” dizaynerlar uyushmasi raisi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti prorektori, fan doktori:

— Butun dunyodagi O‘zbekiston sanʼatini o‘ziga jamlagan ajoyib kitoblar bular! Bugun ularni ko‘rish, his qilish, o‘qish uchun, Germaniyada qanday namunalar saqlanishini bilish uchun, AQSH kolleksiyalarida taqdim etilgan liboslarni ko‘rib, qoyil qolish uchun ajoyib imkoniyat yaratildi.

Ko‘pgina sanʼatshunos va olimlarning fikricha, bu juda yaxshi natijalarga, yuqori sifat va jiddiy ilmiy yondashuvlarga ega bo‘lgan ajoyib loyiha. Men bu kitoblarni muzeyda eksponat sifatida qoldirishni va bir oy davomida bu yerga talabalar hamda maktab o‘quvchilarini jalb qilishni taklif qildim.

 

Elmira Gul, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, sanʼat fanlari doktori, professor:

– “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining 7 yillik faoliyati davomida 60 jildlik kitob-albomlar yaratildi. Ayni paytda 61 va 62 jildlar ustida ish olib borilmoqda. Ko‘pgina nashrlarimizda anʼanaviy kiyim va zargarlik buyumlari mavjud. Ish va izlanish jarayonida milliy liboslarimiz namunalari qanchadan-qancha xorijiy va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotganidan xabardor bo‘ldik va hayratga tushdik. Va ushbu loyiha tufayli bu to‘plamlar mavjud. Kitoblarimiz madaniyatimizning xorijdagi elchilaridir. Va eng muhimi, bu meros zamonaviy urfdagi liboslar rivojlanishining asosidir.

 

Tursunali Qo‘ziyev, Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari:

– Madaniyat va sanʼat yo‘nalishida o‘tkaziladigan barcha tadbirlarda bu kitoblar namoyish etilishi kerak, deb o‘ylayman. Bugun taqdimoti bo‘lib o‘tgan bu ikki jild, aslida, O‘zbekiston milliy liboslarining birinchi ensiklopediyasidir.

 

Ismat Yusupov, Amaliy sanʼat muzeyi direktori:

– Avvalo, bugungi tadbirga mezbonlik qilgan tashkilotchilarga, bizga merosimiz bilan tanishish uchun ajoyib kitoblarni taqdim etgan O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bu jildlarning har biri ortida ko‘plab olimlarning ulkan mehnati yotibdi. Ushbu ko‘rgazma muhim voqealar muhitini yana-da to‘ldirdi. Va agar ular bo‘lmaganda, tadbir bunchalik qiziqarli bo‘lmasdi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика