Toshkent shahrida fuqarolarni haj va umra safariga “Saudiya safari” degan nom ostida aldov yo‘li bilan yuborayotgan tur-firma rahbari ushlandi. Bu haqida shahar IIBB maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, u navbatdagi mijozlaridan haj safariga yuborish va haj vizasini qilib berish evaziga 19 ming dollar olayotgan bo‘lgan.
“Mening vazifam odamlar bilan gaplashish, ularga tushuntirish va ularni chaqirib berish bo‘lgan. Bir mijoz telefon qilib, ota-onasiga haj yo‘llanmasini sovg‘a qilmoqchi ekanligini aytdi. Odam boshiga 3 ming dollar berishini aytdim. Ular kelib, 19 ming dollar berdi. Oldi-berdi qilayotganimizda ichki ishlar xodimlari kelib qo‘lga olishdi.
Umra masalasi bo‘yicha rahbarimizga aytganman, litsenziyamiz yo‘q, nima qilamiz deb. Ular Saudiya safari tashkil qilishimizni, Madina, Makka shaharlarini aylantirishimizni aytganlar. Shunday qilib olib borsak bo‘ladi, umra qilish-qilmaslik odamlarning xohishi deganlar. Ramazon oyida 300 kishini uchirdik. Rahbarimiz Saudiya safari deb ayting deganlariga shunday deb aytganman”, deydi turfirma xodimi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


