Bosh prokuratura tomonidan "Bo‘zsuv oqava suv tozalash" inshootiga kelib tushayotgan oqova suvlarning tarkibi, ularning tozalanishi hamda "Quyi Bo‘zsuv" kanaliga quyilishida amaldagi tartib va normativlarga rioya etilishi ahvoli Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutaxassislari ishtirokida o‘rganildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, tozalash inshootiga Toshkent shahrida joylashgan 18 ta (15 ta tekstil va 3 ta qushxona) tadbirkorlik subyektlari tomonidan oqova suv tarmog‘iga yuqori konsentratsiyada ifloslangan, kimyoviy moddalari mavjud bo‘lgan oqova suvlar oqizib kelinayotganligi aniqlandi.
Taʼkidlanishicha, "Bo‘zsuv oqova suv tozalash" inshooti kelib tushgan oqova suvlarni biologik tozalashga mo‘ljallangan bo‘lib, unda oqova suvlarni kimyoviy va fizikaviy tozalash imkoniyatlari mavjud emas.
Natijada oqizilayotgan oqovalarda meʼyorga nisbatan azot ammoniy konsentratsiyasi, azot nitrit, kislorodning biologik isteʼmoli, kislorodning kimyoviy isteʼmoli, neft mahsulotlari, fosfor, temir va xrom ortiqcha ekanligi oqibatida, inshoot atrofidagi havoda vodorod sulfidi miqdori meʼyordan oshib ketib, ifloslangan suvdan badbo‘y hid tarqalayotganligi hududda yashovchi aholining noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni "Toshkent shahar suv taʼminoti" tomonidan muqaddam berilgan ogohlantirish va laboratoriya tahlil natijalari bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etmaganlarga nisbatan ichimlik va oqova suvi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirdi.


