Toshkentning Sergeli tumanida samolyotlarni suratga olayotgan maktab o‘quvchilari huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda Tashkent_Land Telegram kanali xabar berdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, xodimlar bolalarga baqirib, tahdid qilib, ularni so‘kishgan. Bolalarni Qumariq mahalla qo‘mitasi binosiga olib borishgan va barcha suratga olish jihozlarini olib ketishgan. Hibsga olingan olti o‘quvchi shaxsiy avtomashinada boshqa joyga olib ketilgan.
Qo‘lga olinganlar Uzbekistan Airports kompaniyasi tomonidan Toshkent aeroportida o‘tkaziladigan rasmiy spotting tadbirlarida muntazam qatnashib kelayotgan yoshlar hisoblanadi.
O‘zbekiston hukumati 2022 yil yanvardagi qarori bilan aeroportlarda samolyotlarni suratga olishga rasman ruxsat bergan.
Toshkentda aviatsiya ixlosmandlari ko‘p yillardan buyon eʼtibor qaratib kelayotgan bir qancha joylar bor. Shu vaqtgacha samolyotlarni suratga olayotganlar baʼzan tarqatib yuborilgan yoki ichki ishlar bo‘limlariga olib ketilgan, ammo u joylarda samolyotlarni suratga olishni taqiqlovchi belgilar bo‘lmagan.


