Ijtimoiy tarmoqlarda Yakkasaroy tumanidagi xonadonlardan birida o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan tez yordam xodimlari kaltaklangani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan tezkor o‘rganish ishlarini olib borgan.
Maʼlum qilinishicha, 12 oktyabr kuni soat 16:27 da Yakkasaroy tumanining Bobur ko‘chasida joylashgan xonadonlarning biridan tez tibbiy yordam xizmatiga chaqiriq kelib tushgan. Shundan so‘ng shifokor B.M. va feldsher ayol J.I.dan tarkib topgan “103” brigadasi chaqiriq manziliga yetib borib, bemor B.J.ga tibbiy yordam ko‘rsatgan.
Biroq ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgani sababli B.J.ni zudlik bilan shifoxonaga olib ketishga qaror qilingan. Bemorni transportirovka qilish chog‘ida uning o‘g‘li asosli sabab bo‘lmasada, tibbiy brigada xodimlari bilan tortishib, qo‘l ko‘tarish darajasigacha borgan.
«Oqibatda, feldsher J.I. ko‘krak qafasiga zarba olgan va ahvoli yomonlashgan. Shunga qaramay, tibbiy brigada o‘z xizmat burchiga masʼuliyat bilan yondashib, chaqiriqni yakunlagan, yaʼni bemorni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining qabul bo‘limiga olib borgan», — deyiladi munosabatda.
Shundan so‘ng feldsheri J.I. mazkur shifoxonaning xirurgiya bo‘limi shok zaliga ko‘krak qafasining yopiq jarohati tashxisi bilan yotqizilgan. Hozirda u mazkur bo‘limning intensiv palatasida tegishli davo muolajalarini olmoqda. Ahvoli o‘rta og‘irlikda.
«Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holatni o‘z nazoratiga olgan. Umuman, vazirlik fuqarolarimiz tomonidan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuzkor harakatlar sodir etilishiga nisbatan doimo murosasiz munosabatda bo‘ladi. Shuningdek, vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi uchun barcha zarur choralarni ko‘radi», — taʼkidlanadi xabarda.
Ayni paytda sodir etilgan holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


