Joriy yil 27-28 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar transport vazirlarining majlisi bo‘lib o‘tadi.
Transport vazirligining maʼlum qilishicha, majlisda tashkilotga aʼzo davlatlar vakillari o‘zaro hamkorlikda xalqaro yuk tashuvlari jarayonlarini yana-da rivojlantirish, mintaqaning tranzit salohiyatini oshirish, shuningdek, muqobil transport yo‘nalishlarini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qiladi.
Tadbir doirasida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar temir yo‘l maʼmuriyatlarining birinchi uchrashuvi hamda TDTga aʼzo davlatlar portlari rahbarlarining beshinchi uchrashuvi o‘tkaziladi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar o‘rtasida xalqaro aralash yuk tashish to‘g‘risida Bitim va Transport sohasida o‘zaro bog‘liqlik dasturi kabi hujjatlar kelishib olinadi.
Maʼlumot o‘rnida aytish kerak, Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti joriy yil 11 noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.


