Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi «Toshkent dizayn va moda xalqaro universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Qaror bilan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining «Yengil sanoat buyumlari konstruksiyasini ishlash va texnologiyasi (tikuv buyumlari texnologiyasi)», “Dizayn” yo‘nalishidagi bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari hamda Parij xalqaro moda universiteti bilan qo‘shma fakultet negizida Toshkent dizayn va moda xalqaro universitetini tashkil etishga rozilik berilishi mumkin.
Universitetda taʼlim jarayonlari Parij xalqaro moda universiteti (Fransiya), Markaziy Lankshir universiteti (Buyuk Britaniya), Koreya politexnika universiteti (Janubiy Koreya), Yevropa dizayn instituti (Italiya) va boshqa nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan xalqaro standartlar asosida tashkil etish choralarini ko‘riladi.
Qayd etilishicha, oliygohda 10 ta bakalavriat, shundan 3 tasi qo‘shma taʼlim dasturi bo‘yicha, 6 ta magistratura mutaxassisligi, shundan 2 tasi qo‘shma taʼlim dasturi bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Parij xalqaro moda universiteti bilan qo‘shma fakultetda taʼlim olayotgan talabalar 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab universitetda o‘qishni davom ettiradi.
Qurilish ishlari yakunlangunga qadar universitet Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga vaqtinchalik bepul joylashtiriladi.
Shuningdek, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Toshkent shahri, Abdulla Qahhor ko‘chasi, 1A-uy manzilidagi talabalar turar joyi binosi universitetga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi.
Universitetga quyidagi huquqlar beriladi:
-
xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi 1 000 talikka kirgan xorijiy oliy taʼlim muassasasining dasturi asosida o‘z taʼlim dasturlarini shakllantirish;
-
ish beruvchilar talablarini inobatga olgan holda o‘quv rejalaridagi nazariy taʼlim ulushini qisqartirish hisobiga amaliy mashg‘ulotlar hajmini oshirish va ularni bevosita ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etish;
-
xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda ularga mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik maosh hamda boshqa to‘lovlarni belgilash va to‘lash;
-
professor-o‘qituvchilarni o‘quv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari va “ustoz-shogird” tizimi bo‘yicha bajargan ishlarining natijasi bo‘yicha rag‘batlantirib borish.


