Shirin xayollar og‘ushida yurgan kelin-kuyov to‘y kunida umuman reja qilinmagan ishlarga guvoh bo‘lsa, qanday holatga tushadi? Ayniqsa, u bo‘lajak qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi janjal bo‘lsa...
Surxondaryolik juftliklar ham ko‘pdan beri intiqlik bilan kutilgan kun bunday yakun topishi haqida o‘ylamagandi. Afsuski, hamma ish rejalardagidek hal bo‘lavermaydi.
Joriy yilning 1-sentyabr kuni Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi to‘yxonada kelin tomon va kuyov tomon vakilari o‘rtasida nizo kelib chiqqan. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, tumannng “Do‘stlik” mahallasidagi “Org‘ul” to‘yxonasida shu kuni soat 13:30 atrofida R.I., Q.O‘., A.A. va boshqalar bir guruh bo‘lib, fuqaro D.A.ni hech bir sababsiz urib, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda, fuqaro D.A. tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, D.A. va A.A. olgan tan jarohatlari yengil deb baholangan.
Tergov bo‘limi fuqaro D.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 1-qismi bilan, R.I., Q.O‘., A.A.ga nisbatan shu moddaning 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Mo`ynoqda sodir bo`lgan ommaviy mushtlashuv haqida xabar bergan edik.


