Donald Tramp kampaniyasi 1-avgustdan kuchga kiradigan yangi boj stavkalari haqida AQShning bir qator savdo hamkorlariga rasmiy maktublar yuborganini ma’lum qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar AQSh iqtisodiyotini raqobatbardosh holatda saqlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish va muvozanatsiz savdo aloqalariga barham berish maqsadida qo‘llanilmoqda.
Yangi boj stavkalari quyidagicha belgilanmoqda:
Jazoir, Iroq va Liviya: 30 foiz import boji
Bruney va Moldova: 25 foiz import boji
Filippin: 20 foiz import boji
Yangi tariflar AQShga ushbu davlatlardan olib kiriladigan sanoat va iste'mol tovarlariga, jumladan, avtomobil qismlari, kimyo mahsulotlari, oziq-ovqat, mato va elektronika kabi mahsulotlarga nisbatan tatbiq etilishi kutilmoqda.
Tramp bu bojlar orqali xorijiy raqobatchilarni AQSh bozoridan cheklash, shu orqali Amerika ichki ishlab chiqaruvchilarini rag‘batlantirish niyatida. U ilgari ham Xitoy, Yevropa Ittifoqi va Kanada mahsulotlariga nisbatan yuqori bojlar joriy qilgan edi.
AQSh Savdo vakolatxonasi (USTR) hali bu tariflar yuzasidan rasmiy izoh bermagan, biroq ayrim tahlilchilarga ko‘ra, bu choralar AQShning Jahon savdo tashkilotidagi majburiyatlari bilan zid kelishi mumkin.


