1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Tramp BBC‘ni sudga berdi

AQSH prezidenti daʼvoning har bir bandi bo‘yicha 5 milliard dollardan, jami 10 milliard dollargacha tovon puli talab qilmoqda.

Tramp BBC‘ni sudga berdi

 

AQSH prezidenti Donald Tramp Britaning BBC teleradiokompaniyasini sudga berdi. U telekanalni 2021-yil 6-yanvar kuni qilgan nutqidan parchalarni montaj qilib, go‘yoki u tarafdorlarini Kapitoliyga bostirib kirishga undagandek ko‘rsatganlikda ayblamoqda. Bu haqda Reuters maʼlum qildi

 

Trampga ko‘ra, efirda uning nutqining turli qismlari birlashtirilgan. Jumladan, Kapitoliy tomon yurishga chaqirgan so‘zlari va “bor kuch bilan kurashing” degan iborasi qo‘shib berilgan. Biroq norozilik tinch yo‘l bilan o‘tkazilishi kerakligi haqidagi gaplari kesib tashlangan. Natijada, uning fikricha, tomoshabinlarda voqea haqida buzib ko‘rsatilgan tasavvur shakllangan.

 

Trampning daʼvosi Mayami shahridagi federal sudga topshirilgan. Unda BBC nafaqat tuhmatga yo‘l qo‘ygani, balki Florida shtatining nohaq va chalg‘ituvchi amaliyotlar to‘g‘risidagi qonunini ham buzgani aytiladi. Tramp daʼvoning har bir bandi bo‘yicha 5 milliard dollardan, jami 10 milliard dollargacha tovon puli talab qilmoqda.

 

BBC‘ning Panorama dasturida efirga uzatilgan hujjatli filmida Trampning 6-yanvardagi nutqidan bir-biridan ancha vaqt oralig‘ida aytilgan uchta alohida lavha birlashtirilgan. Trampning yuristlari bu montajni “soxta va tuhmatga asoslangan” deb atagan. Ular video Trampning qo‘zg‘olonni rag‘batlantirgani haqidagi noto‘g‘ri taassurotni shakllantirayotganini taʼkidlagan.

 

Tramp GB News telekanaliga bergan intervyusida BBC‘ni noqonuniy harakatlarda ayblab, bu tahrirni saylovlarga aralashish bilan taqqoslagan. Uning aytishicha, asl nutqi ijobiy ruhda bo‘lgan, biroq BBC uni buzib ko‘rsatgan. Prezident bu holatni “soxtalikdan ham battar — bu buzuqlik”, deb atagan.

 

Mazkur mojaro ortidan noyabr oyida BBC bosh direktori Tim Deyvi va BBC News yangiliklar bo‘limi rahbari Debora Terness isteʼfoga chiqqan edi. Yo‘l qo‘yilgan xato uchun masʼuliyatni o‘z zimmasiga olgan.

 

Mutaxassislar Tramp daʼvoni aynan AQSHda kiritganini muddatlar bilan izohlamoqda. Chunki Buyuk Britaniyada tuhmat bo‘yicha ishlar faqat material eʼlon qilinganidan keyin bir yil ichida qo‘zg‘atilishi mumkin, bu muddat esa allaqachon o‘tib ketgan.

 

Endi Tramp nafaqat montaj yolg‘on ekanini, balki BBC tomoshabinlarni ataylab chalg‘itganini yoki qo‘pol beparvolik bilan ish tutganini ham isbotlashi kerak bo‘ladi. Aks holda, so‘z va matbuot erkinligini kafolatlovchi konstitutsiyaviy normalar sababli daʼvo rad etilishi mumkin.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика