AQSH prezidenti Donald Tramp Grenlandiya bo‘yicha ilgari surilgan “asr kelishuvi” tashabbusini yangicha talqinda qayta ko‘rib chiqdi. Unga ko‘ra, agar Grenlandiya aholisi Qo‘shma Shtatlarga qo‘shilishni qo‘llab-quvvatlasa, orolning har bir fuqarosiga bir million dollar miqdorida moliyaviy rag‘bat berilishi mumkin.
Daily Mail nashrining xabar berishicha, Grenlandiya aholisi soni taxminan 57 ming kishini tashkil etadi, shundan 40 mingdan ortig‘i saylov huquqiga ega. Taklif barcha aholiga taalluqlimi yoki faqat saylovchilargagina qaratilganmi — hozircha aniqlik kiritilmagan.
Grenlandiya xalqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy to‘lovlar amalga oshirilishi haqidagi g‘oya Oq uy tomonidan rasman tasdiqlanmagan. Biroq Tramp maʼmuriyati ilgari ham orol aholisini Daniyadan ajralib chiqish va AQSH tarkibiga qo‘shilishga undash uchun moliyaviy rag‘batlantirish variantlarini muhokama qilgani maʼlum. O‘sha paytda taklif qilinayotgan summalar 10 ming dollardan 100 ming dollargacha bo‘lgan.
Grenlandiya rasmiylari esa, orol sotilmasligini bir necha bor qatʼiy taʼkidlab kelmoqda. Ularning fikricha, Grenlandiyaning kelajagi faqat grenlandiyaliklar va Daniya tomonidan mustaqil tarzda hal qilinishi lozim.
Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida so‘zlagan nutqida Donald Tramp Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishda kuch ishlatish rejasi yo‘qligini maʼlum qildi. Shuningdek, Grenlandiyani qo‘llab-quvvatlagan Yevropa davlatlariga nisbatan joriy etilishi rejalashtirilgan tariflar 1 fevraldan kuchga kiritilmasligini bildirdi. Uning aytishicha, Grenlandiya va umuman Arktika mintaqasi bo‘yicha kelajakdagi kelishuvlar uchun muhim asos allaqachon shakllantirilgan.
Tramp Qo‘shma Shtatlar Grenlandiyani sotib olish masalasida yaqin vaqt ichida muzokaralarni boshlash niyatida ekanini ham qayd etdi. U Amerikaning orolni himoya qilish borasida eng qulay strategik pozitsiyaga ega ekanini taʼkidlab, Grenlandiyani “katta va go‘zal muz bo‘lagi” deb atadi. Tramp Ikkinchi jahon urushi davrida AQSH Grenlandiyani nazorat qilganini, biroq keyinchalik uni Daniyaga qaytarganini va hozir bu qarordan afsusda ekanini ham eslatib o‘tdi.


