AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil prezidenti Isaak Gertsog nomiga maktub yo‘llab, bosh vazir Benyamin Netanyaxuga nisbatan olib borilayotgan korrupsiya tergovini to‘xtatish va uni to‘liq kechirishga chaqirdi. Bu haqda The Jerusalem Post nashri xabar berdi.
Tramp maktubida Netanyaxuni “urush davrida dadil va hal qiluvchi bosh vazir” deb atab, hozirda u Isroilni tinchlik sari yetaklayotganini ta’kidladi. “Men sizdan Benyamin Netanyaxuni to‘liq kechirishingizni so‘rayman”, — deb yozgan Tramp, shu bilan birga Isroil sud tizimining mustaqilligiga hurmatini bildirgan, biroq Netanyaxuga qarshi ishni “siyosiy va asossiz ta’qib” deb atagan.
Shuningdek, Tramp Yaqin Sharqdagi muammolarni hal etishda AQSh vositachiligida erishilgan yutuqlarni eslab, “Endi Bibiga ruxsat berish, Isroilni kechirish va bu urushni yakunlab, xalqni birlashtirish vaqti keldi”, — deya ta’kidlagan.
Isroil prezidenti Isaak Gertsog bunga javoban Trampga hurmat va minnatdorchilik bildirgan holda, “Afv etish uchun belgilangan tartibda ayblanuvchining o‘zi yoki yaqinlari tomonidan rasmiy ariza topshirilishi zarur. Netanyaxu bunday murojaat qilmagan”, — deb javob qaytardi.
The Jerusalem Post’ning ma’lumotiga ko‘ra, amaldagi qonunlarga binoan prezident afvni faqat sud boshlanishidan avval yoki hukm chiqargandan so‘ng berishi mumkin, hozir esa ish bu bosqichlarning hech birida emas.
Ma’lumot uchun, Benyamin Netanyaxuga nisbatan tergov 2016-yildan beri davom etmoqda. 2019-yilda u uchta alohida jinoyat ishi bo‘yicha ayblangan. Unga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar orasida korrupsiya, ommaviy axborot vositalariga ta’sir o‘tkazish va qimmatbaho sovg‘alarni qabul qilish holatlari bor. Prokuratura buni manfaatlar to‘qnashuvi deb baholagan bo‘lsa, Netanyaxu himoyachilari bu ayblovlarni asossiz, siyosiy bosim natijasi sifatida ko‘rmoqda.
Isroil jamoatchiligi orasida ushbu jarayon bo‘yicha keskin fikrlar mavjud — ayrimlar bu ish siyosiy tus olganini aytsa, boshqalar “qonun hamma uchun bir xil bo‘lishi kerak” degan pozitsiyada turibdi.


