AQSH prezidenti Donald Tramp 6-avgust kuni CNN’ga bergan intervyusida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan kelasi haftada uchrashishi mumkinligini bildirdi. Uning aytishicha, uchrashuvning asosiy mavzusi Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘ladi. Bu haqda CNN nashri xabar qilgan.
Trampga ko‘ra, AQSHning maxsus vakili Stiv Vitkof yaqinda Moskvada Putin bilan uchrashgan, muzokaralar samarali kechgan bo‘lsa-da, aniq natijalarga olib kelmagan. AQSH davlat kotibi Marko Rubio esa bu uchrashuvdan so‘ng Rossiyaning tinchlik bo‘yicha shartlari aniqroq ma’lum bo‘lganini bildirgan.
Uchrashuv taklifi Putinning o‘zidan chiqqan. U avval Tramp, keyin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uch tomonlama muzokara o‘tkazishni taklif qilgan. Uchrashuv joyi hali belgilanmagan, ammo kelasi bir-ikki hafta ichida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Tramp, agar Rossiya urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga rozi bo‘lmasa, rus neftini xarid qilayotgan davlatlarga nisbatan 100 foizlik ikkilamchi sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qilmoqda. Ayni vaqtda esa Rossiya zarbalari Ukraina bo‘ylab davom etmoqda. So‘nggi sutkada kamida 6 kishi halok bo‘ldi, bolalar jarohatlandi, yuzlab oilalar gazsiz qoldi.


