AQSH prezidenti Donald Tramp 2025-yil 24-iyun kuni Eron va Isroil o‘rtasidagi qurolli mojaroning yakunlanishiga erishgani uchun rasman Nobel tinchlik mukofotiga nomzod etib ko‘rsatildi.
Nomzodlikni AQSH Vakillar palatasi a’zosi, respublikachi Baddi Karter ilgari surdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp mintaqada urushning to‘xtatilishida "favqulodda va tarixiy rol" o‘ynagan hamda minglab, ehtimol millionlab insonlarning hayotini saqlab qolgan.
Karter Trampning Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga to‘sqinlik qilgan “jasoratli va qat’iy choralarini” alohida ta’kidlab, bu harakatlar Nobel mukofotining asosiy maqsadlariga — tinchlikni targ‘ib qilish, urushlarning oldini olish va xalqaro hamjihatlikni mustahkamlashga mos kelishini qayd etdi.
Tramp bunga javoban, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Eron bo‘yicha qisqa suhbat o‘tkazganini, ammo u bilan asosan Ukraina masalasida tinchlik bitimi tuzishga umid qilayotganini ma’lum qildi. Tramp shuningdek, NATO sammiti doirasida Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishni rejalashtirayotganini bildirdi.


