O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga AQSh Prezidenti Donald Trampdan Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash va mavjud mojarolarni hal etishga qaratilgan xalqaro tashabbusda ishtirok etish bo‘yicha rasmiy taklif kelib tushdi.
Maktubda qayd etilishicha, mazkur tashabbus 2025-yil 29-sentabr kuni e’lon qilingan bo‘lib, u jahonning qator yetakchi davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Tashabbus BMT Xavfsizlik Kengashining 2025-yil 17-noyabrdagi 2803-sonli rezolyutsiyasi bilan ma’qullangan G‘azo sektoridagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks reja asosida ishlab chiqilgan.
Ushbu tashabbus doirasida uzoq muddatli tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lgan davlatlarni birlashtiruvchi yangi xalqaro tuzilma — Tinchlik kengashini tashkil etish nazarda tutilgan.
Amerika tomoni O‘zbekiston Respublikasiga mazkur Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilish taklifini bildirgan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev amerikalik hamkasbiga yo‘llagan javob maktubida O‘zbekistonning Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan ushbu xalqaro tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini hamda Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.


