AQSH prezidenti Donald Tramp kelasi hafta Tinchlik Kengashining birinchi rasmiy yig‘ilishida G‘azo sektorini qayta tiklash bo‘yicha ko‘p milliard dollarlik rejani eʼlon qiladi. Bu haqda Assosiated Press axborot manbalariga tayanib xabar berdi.
Tramp maʼmuriyati 19 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda kamida 20 ta davlat ishtirok etishini kutmoqda. Reja doirasida urushdan vayron bo‘lgan G‘azo sektorini tiklash uchun milliardlab dollar ajratilishi, shuningdek, hudud xavfsizligini taʼminlaydigan xalqaro barqarorlik kuchlari uchun minglab askarlar safarbar etilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning idorasi uning kelasi hafta Qo‘shma Shtatlarga bormasligini maʼlum qilgan.
Tinchlik Kengashining tashkil etilishi Trampning G‘azo sektoridagi mojaroni tugatish bo‘yicha taklif qilingan rejasining muhim qismi bo‘lib, uning tashkil etilishi 2026 yil yanvar oyida eʼlon qilingan. Dunyo bo‘ylab 60 ga yaqin yetakchi Kengashga taklif qilindi, ularning baʼzilari asoschi aʼzolar sifatida qatnashadi. Tramp Tinchlik Kengashining birinchi raisi sifatida faoliyat boshlaydi. 22 yanvar kuni Davosda Kengashni tashkil etish marosimi o‘tkazilgan.


