Ukraina rasmiylari va jamoatchilik vakillari AQSh prezidenti Donald Trampning Ankorijdagi muzokaralardan keyin bildirgan pozitsiyasini keskin tanqid qildi. Financial Times nashri xabariga ko‘ra, Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sulhga rozi bo‘lmasligidan so‘ng uni jazolash bo‘yicha oldindan aytilgan qat’iy choralarni amalga oshirmadi. Aksincha, u darhol o‘t ochishni to‘xtatish tarafdori emasligini va Rossiya hamda Ukraina o‘rtasida yakuniy tinchlik kelishuvi tuzilishini xohlashini bildirdi.
Putin esa bunday kelishuv uchun Donbass hududining to‘liq topshirilishi, Qrimning Rossiya tarkibida tan olinishi hamda Ukrainaga NATOga qo‘shilish taqiqi qo‘yilishini talab qilgan.
Ukraina hukumati vakillari buni “xiyonat va orqadan urilgan zarba” sifatida baholadi. Yuqori lavozimli amaldorlardan biri Trampning “tezkor bitim” izlayotganini aytdi. Oliy Rada tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Aleksandr Merejko esa Tramp va Putin birlashib, Ukrainani “majburiy tinchlik”ka ko‘ndirish yo‘lidan bormoqda, bu esa mamlakat uchun amalda taslim bo‘lish bilan barobar ekanini ta’kidladi. U Ankorij uchrashuvining natijalarini “fojiali va xavfli” deb baholadi.


