1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Trampning yonidagi qudratli shaxslardan biri Toshkentda tug’ilgani aniqlandi

AQSh prezidentining eng yaqin maslahatchilaridan biri bo‘lgan Serxio Gor yillar davomida tug‘ilgan joyini sir tutib kelgan.

Trampning yonidagi qudratli shaxslardan biri Toshkentda tug’ilgani aniqlandi

 

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatida muhim lavozimlardan birini egallagan Serxio Gorning tug‘ilgan joyi uzoq vaqt sir tutilgan edi. Endi esa bu sir ochildi — u aslida 1986-yil 30-noyabrda Toshkent shahrida, o‘sha paytda Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan O‘zbekistonda tug‘ilgan.

 

Gorning tug‘ilgan joyi haqidagi ma’lumot Times of Malta va OCCRP tomonidan olingan rasmiy hujjat orqali tasdiqlandi. Bu hujjatga ko‘ra, uning to‘liq ismi Serxio Goroxovskiy, va u Maltadagi mulk bitimlaridan birida aynan Toshkentda tug‘ilgan deb ko‘rsatilgan.

 

Gorning advokati Robert Garson bu ma’lumotni tasdiqlab, uning mijozining bolaligi Toshkentda boshlanganini va keyinchalik oilasi bilan AQShga ko‘chib o‘tganini bildirdi.

 

Gor avvalroq o‘zining qayerda tug‘ilgani haqida matbuot savollariga javob berishdan bosh tortgan edi. Ba’zi nashrlar uni “Malta orolidan bo‘lgan muhojir” sifatida tanitgan, ammo uning asl vatani haqida ma'lumot berilmagan.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Gor bolaligining bir qismini Maltada o‘tkazgan. Onasi 1994-yilda bu yerda kompaniya ochgan va uning orqali qadimiy Kospikua shahrida joylashgan uyni egalik qilgan. 2021-yilda Gor onasining kompaniyasidan ushbu uyni 255 ming yevroga sotib olgan.

 

Gor, shuningdek, 1996–1999-yillarda Maltadagi katolik maktabida o‘qigan. Uning tug‘ilgan sanasi maktab ma’lumotlarida ham, mulk hujjatlarida ham bir xil ko‘rsatilgan.

 

AQShga ko‘chib kelganidan so‘ng, Gor fuqarolik olib, siyosatga kirib keladi. U avval senator Rand Paul bilan ishlagan, keyinchalik esa Tramp kampaniyasida muhim lavozimlarni egallagan.

 

2018-yilda u Rossiyaga Cato instituti tomonidan tashkil etilgan “tadqiqot safarida” qatnashgan. Biroq uning advokati bu safarlarning siyosiy maqsad bilan bog‘liqligini qat’iyan rad etdi.

 

Bugungi kunda Gor Tramp oilasiga yaqin odam sifatida tanilgan bo‘lib, Donald Tramp Jr. bilan birga konservativ nashriyotni ham boshqarmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика