Amerikalik tadbirkor va milliarder Ilon Mask dunyo bo‘ylab tug‘ilish darajasining keskin pasayishi jiddiy global xavf tug‘dirayotganini maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, agar bu muammo o‘z vaqtida hal etilmasa, ayrim mamlakatlar va butun madaniyatlarning yo‘q bo‘lib ketish ehtimoli mavjud. Bu haqda gazeta.ru nashri xabar berdi.
Mask bu haqda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozib, Yer yuzining deyarli barcha hududlarida tug‘ilish ko‘rsatkichlari nihoyatda past darajaga tushib ketganini qayd etdi. “Agar tug‘ilish darajasi oshirilmasa, butun madaniyatlar va mamlakatlar yo‘q bo‘lib ketadi”, — dedi u.
Ilon Mask ilgari ham demografik inqirozni insoniyat kelajagi uchun eng katta tahdidlardan biri sifatida tilga olgan. Uning fikricha, aholi sonining qisqarishi iqtisodiy rivojlanish, madaniy merosning davomiyligi va davlatlarning barqarorligiga bevosita taʼsir ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, Mask insoniyat kelajagini uzoq muddatda faqat Yer bilan cheklab bo‘lmasligini ham taʼkidlab keladi. Avvalroq u o‘zining SpaceX kompaniyasi maqsadlari haqida gapirib, kelajakda boshqa sayyoralarga parvoz qilish va hatto boshqa yulduz tizimlarini o‘rganish imkoniyatlarini istisno etmaganini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday safarlar davomida insoniyat o‘zga sayyoralik sivilizatsiyalar bilan to‘qnash kelishi yoki ularning izlarini aniqlashi mumkin.
2025-yil may oyida Ilon Mask Marsni mustamlaka qilishga tayyorgarlik doirasida 2026-yil oxirida birinchi uchuvchisiz Starship kosmik kemasini Qizil sayyoraga yuborish rejalari borligini eʼlon qilgan. Ushbu missiya doirasida Optimus robotini Marsga yetkazish ko‘zda tutilgan. Maskning rejasiga ko‘ra, ilk insonlar Marsga 2029–2031-yillar oralig‘ida parvoz qilishi mumkin.
Tadbirkorning fikricha, demografik muammolarni hal qilish va insoniyatning kosmik imkoniyatlarini kengaytirish bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bu kelajak avlodlar uchun strategik ahamiyatga ega masalalardir.


