Toshkentda shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida Qo‘shma bojxona Kengashining 3-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan Turkiya Respublikasi Bojxona xizmati rahbari – savdo vaziri o‘rinbosari Rizo Turagay boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Bojxona qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ikkala davlat bojxona xizmati rahbarlari o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bir qator masalalarni atroflicha muhokama qilishdi.


Mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, Bojxona qo‘mitasi Raisi Akmalxo‘ja Mavlonov so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganini eʼtirof etdi.
Bu ikkala mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2020 yilga nisbatan 1,5 barobarga oshib, 2022 yilda 3,1 mlrd dollarga yetganida ham namoyon bo‘lmoqda.
2022 yilda turkiyalik hamkorlar bilan tuzilgan tashqi savdo shartnomalarining qiymati 2020 yilga nisbatan 8 barobarga oshib, 16 mlrd dollarni tashkil etdi.
O‘zbekistondan Turkiyadan import qilinayotgan tovarlarga nisbatan bojxona qonunchiligida belgilangan preferensiya va imtiyozlar samarali qo‘llanilmoqda.
Masalan, 2023 yil 1-choragida Turkiyadan import qilingan tovarlarga nisbatan 46 mln dollar miqdorida bojxona imtiyozlari qo‘llanildi.
Mamlakatlar o‘rtasidagi tashqi savdoning shiddat bilan o‘sishi bojxona sohasidagi munosabatlarga ham o‘zining ijobiy taʼsirini ko‘rsatmoqda.


Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov boshchiligidagi delegatsiyaning 2022 yil iyul oyida Turkiyaga amaliy tashrifi davomida orttirilgan tajribalar asosida o‘tgan qisqa muddat ichida O‘zbekistonning bir qator xalqaro aeroportlarida yo‘lovchilarning bojxona nazorati soddalashtirildi, bojxona ekspertizasi sohasida yangi yo‘nalishlar joriy qilindi, mamlakatimizda ilk bor Targetlash va xavflarni boshqarish markazi tashkil etildi.
Yig‘ilishda tomonlar davlat chegaralari orqali tovar va transportlar o‘tishi haqida oldindan axborot almashishni yo‘lga qo‘yishni yana-da jadallashtirishga kelishib olishdi.
Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan shubhali moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishni oldini olish, aniqlash va to‘xtatish sohasida hamkorlik qilish va vakolatli iqtisodiy operatorlarni o‘zaro tan olish taklifini ilgari surdi.
Shuningdek, tovarlarning tashqi savdo operatsiyalariga oid maʼlumotlar almashinuvi bo‘yicha o‘zaro so‘rovnomalarni keng yo‘lga qo‘yish va xavflarni boshqarishda maʼlumot almashish yuzasidan ham fikr almashildi.
Yig‘ilish yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga yo‘naltirilgan bir qator kelishuvlarni imzolashdi.

Tashrif doirasida Turkiya Respublikasi Bojxona xizmati rahbari boshchiligidagi delegatsiya Markaziy bojxona laboratoriyasi va Bojxona rasmiylashtiruvi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar Toshkentdagi Milliy kinologiya markazida bo‘lishdi.
Bu yerda mehmonlar Markazda tashkil etilgan “Ixtisoslashtirilgan veterinariya xizmati”ning tantanali ochilish marosimida ishtirok etishdi.


Ixtisoslashtirilgan veterinariya xizmati yangi binosida aholiga qulay veterinariya xizmatlari ko‘rsatish uchun muolaja xonasi, jarrohlik xonasi, laboratoriya, dorixona, rentgen xonalari mavjud bo‘lib, xorijdan keltirilgan eng so‘nggi rusumdagi asbob-uskuna va qurilmalar bilan jihozlangan.


Markaz bo‘ylab ekskursiya va xizmat itlarining ko‘rgazmali chiqishlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.


