Turkiya Mudofaa vazirligi payshanba kuni mamlakat Ukrainaga harbiy kuch yuborish masalasini muhokama qilishga tayyorligini bildirdi. Anqara bu qarorni Yevropa xavfsizligiga taʼsir qiluvchi omillarni hisobga olgan holda ko‘rib chiqmoqda.
Turkiya NATO va YXHT (Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti) aʼzosi sifatida mintaqaviy xavfsizlik tizimining ajralmas qismi ekanini qayd etgan. Bayonotda Anqaraning ilg‘or mudofaa sanoati, qudratli armiyasi va inqirozlarni hal qilishdagi muhim roli alohida taʼkidlangan.
Bungacha OAV Turkiya Ukraina va Rossiya vakillari bilan muzokaralar chog‘ida o‘z qo‘shinlarini “tinchlikparvar kuchlar” tarkibida Ukraina hududiga joylashtirish g‘oyasiga ochiqligini bildirgani haqida xabar bergan edi. Biroq rasmiylar Turkiya bu kabi missiyada faqat keng qamrovli maslahatlashuvlardan so‘ng ishtirok etishi mumkinligini bildirgan.
Hozircha Turkiyaning Ukrainadagi ehtimoliy harbiy ishtiroki bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan, lekin bu mavzu xalqaro maydonda muhokama qilinishda davom etmoqda.


