Turkiya hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu chora yoshlarni internetdagi raqamli tahdidlar va zararli kontentdan himoya qilish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, bolalarni jinoyatdan himoya qilish va ularning xavfsiz onlayn muhitini ta’minlashga oid qonunlarga tegishli o‘zgartirishlarni o‘z ichiga oladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt yaratishi va faoliyat yuritishi butunlay man etiladi. Shu bilan birga, yoshni tekshirish va xavfli kontentni filtrdan o‘tkazish mexanizmlari joriy qilinishi ko‘zda tutilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu tashabbus nafaqat Turkiyada, balki Yevropada ham keng tarqalgan tendensiyaning bir qismidir. Masalan, Buyuk Britaniyada 2025-yil iyulidan boshlab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining yoshini tekshirish majburiyati joriy etilgan, Fransiya, Ispaniya va Gretsiyada esa shunga o‘xshash tashabbuslar ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur chora yoshlarning raqamli muhitdagi xavfsizligini mustahkamlash va ularning sog‘lom rivojlanishi uchun qo‘shimcha kafolat yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.


