Turkiyaning Antaliya viloyatida sodir bo‘lgan yirik yo‘l-transport hodisasi oqibatida 10 nafar kishi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq yo‘lovchi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonalarga yotqizilgan. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tekirdag‘–Antaliya yo‘nalishida harakatlanayotgan, “Buzlu” kompaniyasiga tegishli 26 ABG 022 davlat raqamli yo‘lovchi avtobusi chorrahada to‘siqlarga urilib, yo‘ldan chiqib ketgan va jarlikka ag‘darilgan.
Hodisa haqida xabar kelib tushishi bilan voqea joyiga sog‘liqni saqlash xodimlari, yong‘in xavfsizligi xizmatlari, AFAD, jandarmeriya hamda politsiya kuchlari jalb etildi.
Antaliya viloyati gubernatori Hulusi Shahinning ma’lum qilishicha, avtobus kecha kechqurun Tekirdag‘ shahridan yo‘lga chiqqan bo‘lib, taxminan soat 10:20 da avariya sodir bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, hodisa sodir bo‘lgan vaqtda yo‘l nam bo‘lgan, hududda tuman kuzatilgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, avtobus tezligi vaziyatga mos bo‘lmagan bo‘lishi mumkin.
Keyinchalik gubernatorning Antaliya o‘quv va tadqiqot shifoxonasida bergan qo‘shimcha bayonotiga ko‘ra, dastlab voqea joyida 8 nafar kishi vafot etgan, 22 nafar fuqaro shifoxonalarga yotqizilgan. Og‘ir ahvolda bo‘lgan avtobus haydovchisi ham shifoxonada vafot etgan. Yana bir yo‘lovchining o‘limi bilan halok bo‘lganlar soni 10 nafarga yetgan.
Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasining aniq sabablari texnik tekshiruv natijalariga ko‘ra aniqlanmoqda.


