Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi 21-sentyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning ikkita o‘q-dori omboriga zarba berganini maʼlum qildi.
Hujumga uchragan Tixoresk o‘q-dori ombori Krasnodar o‘lkasida joylashgan bo‘lib, Ukrainadagi urushda foydalanilgan eng yirik uchta ombordan biri hisoblanadi. Bu Rossiya qo‘shinlarining logistika tizimidagi asosiy omborlardan biri, deyiladi Ukraina Qurolli kuchlari bayonotida.
Ukraina tomoniga ko‘ra, zarba vaqtida ombor hududida kamida ikki ming tonna o‘q-dori ortilgan poyezd ham bo‘lgan. Shuningdek, Tver viloyatida tunda Rossiya Mudofaa vazirligi Bosh artilleriya boshqarmasining 23-qurol omboriga zarba berilgan. Ikkala harbiy obyekt hududlarida yong‘in va portlashlar qayd etilgan.
Rossiya ushbu so‘nggi hujumlarga rasman izoh bermadi. Maʼlum qilinishicha, bir kechada Rossiya Federatsiyasi hududlari uzra 101 ta dron urib tushirilgan.


