Buyuk Britaniya o‘z qo‘shinlarini Ukrainada besh yilgacha joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqida The Telegraph nashri xabar berdi.
Nashrning manbalariga tayanib yozishicha, bu chora Ukraina armiyasini “yangi bosqinning oldini olish” uchun tayyorlash va qayta shakllantirishga yordam berishi kutilmoqda. Ukraina hududiga qancha qo‘shin kiritilishi hozircha nomaʼlum.
Buyuk Britaniya va Fransiya muhokama qilayotgan variantlar orasida Ukrainaga “Yevropa boshchiligidagi tinchlikparvar kuchlar”ni yuborish ham bor. Yevropa davlatlarining fikricha, bu birinchi navbatda Rossiyani tinchlik bitimini buzish fikridan qaytarishga qaratilgan.
“Yevropa davlatlari “xohlovchilar koalitsiyasi” doirasida quruqlikdagi qo‘shinlarni yuborishdan tashqari, Ukraina havo va dengiz hududini himoya qilishni taʼminlamoqchi. Bunga erishish uchun qanday choralar ko‘rilishi hali aniqlashtirilmagan”, deb yozadi The Telegraph.


