Ular glamurga qiziqadi, shov-shuvli hayot kechiradi. Doimo odamlar diqqat markazida bo‘ladi. Yulduzlarning shohona hayotiga havas qiladiganlar ham, hasad qiladiganlar ham topiladi. Ammo yulduzlikning ham to‘lovi bormikan? Ushbu savolga xonanda Malika Ravshanova “Sevimli” telekanalining “Mashhurlar” ko‘rsatuviga bergan intervyusida quyidagicha javob berdi:
“To‘lovimi? Bor, albatta. Do‘stman deb yurganlarim do‘st emasligini bildim. Bunga yaxshigina to‘lov ham to‘ladim. Buni butun O‘zbekiston biladi. Buni hech kimdan yashirmayman. Mayli, agar shu to‘lov bilan to‘lanadigan bo‘lsa roziman. Oilamga, farzandimga yaxshi ko‘rgan insonim, sog‘lig‘im yoki biror narsam bilan to‘lamasam bo‘ldi”.
“Bu mening onam” qo‘shig‘i. Odamlarning xursandchilik kunlarida shu tarona yangramasa iloji yo‘qdek go‘yo. Buni Malika Ravshanovaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga qo‘yilayotgan kundalik foto va video suratlardan ham bilish qiyin emas. Tan olish kerak, birgina shu qo‘shiq yulduzlik pog‘onasiga qadam qo‘ygan xonandaning shou-biznesdagi ilk mojarolariga, tortishuvlariga ham sabab bo‘lgan.
“Men hali bu qizni sindiraman, yo‘q qilib yuboraman, qo‘shiqlarini tortib olaman, degan odam ham bo‘ldi. Lekin men o‘sha insonga rahmat aytaman. Bilasizmi, nimaga? Ular menga yomonlik qilgan sari gullayverdim. Chunki meni million onalar, farzandlar duo qilishadi. ‘Men onajonimga aytolmagan so‘zlarimni qo‘shiq qilib kuylagansiz, rahmat’, deyishadi. Meni yo‘q qilaman, sindiraman deb niyat qilgan shu insonga katta rahmat deyman”.
Malika Ravshanova bilan sodir bo‘lgan holat go‘yoki ertalab yulduz bo‘lib uyg‘ongan-u kutilmagan olqishlardan shokka tushib qolgan kishini eslatadi. Chunki sevimli bo‘lishga ulgurmay turib nafrat va tuxmatlar ostida qolishini xonandaning o‘zi ham kutmagandi. Chunki ruhiy bosimni yengib ketish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Muxlis ko‘z oldidagi hozirgi Malika bolaligidan bunday holatlarni yengishni o‘rgangan.
“O‘ho‘o‘o‘, bolaligimdan boshlangan. Kollej paytida ham bo‘lgan. Sahnalarda doim men o‘rin olardim, finalga boshqalar ketar edi”.
Sizning ko‘z o‘ngingizda yulduz bo‘lib shakllangan Malika Ravshanova aslida Malika Ravshanovna, ya’ni otasining ismi doimo u bilan birga bo‘lishni istagan xonanda familiyasini o‘zgartirganini ko‘pchilik bilmasa kerak. Shu o‘rinda Malika yana bir masalaga aniqlik kiritadi.
“Bu dadamning orzulari bo‘lgan ekan. Shermat Yormatovni “Bulbulcha” ansambli bo‘lar edi. Doim televizorda ko‘rardik. Ismimni dadam malikalardek bo‘lib yursin degan niyat bilan qo‘ygan ekanlar. Bolaligimni sog‘inch bilan eslayman. Dadamdan vaqtli ayrilganman. Dadam yigirma yetti yoshda olamdan o‘tganlar. Menga otasizlik juda qiyin bo‘lgan. O‘n besh yoshimgacha dadamni armon qilganman. Hozirgacha yaxshi-yomon kunimda, yonimda bo‘lishlarini, hayotda qoqilgan paytlarimda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishlarini xohlayman. Afsus...”.
Farida Eshonqulova tayyorladi.


