2024 yil 20 iyul Toshkent vaqti bilan soat 00:01 dan 2024 yil 7 avgust 23:59 gacha Urganch xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital taʼmirlash ishlari boshlanishi munosabati bilan faoliyatini to‘xtatadi.
Uchish-qo‘nish yo‘lagining uzoq muddatdan beri ishlashi hamda havo kemalarining qo‘nishi va uchishi xavfsizligini taʼminlash maqsadida kapital qurilish va taʼmirlash ishlari olib boriladi. Xususan, uzunligi 3000 M va eni 16 M bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi yuzasini butunlay almashtirish va mustahkamlash rejalashtirilgan. Shuningdek, ikkinchi va uchinchi yurish yo‘laklari kapital taʼmirlanadi.
Urganch aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi kapital taʼmirdan so‘ng Boeing 787 va Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qila oladi.
Urganch shahridagi uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital rekonstruksiya qilish oxirgi marta 1997 yilda, shikastlangan qismlarini qisman taʼmirlash esa 2018 yilda amalga oshirilgan edi.
Rekonstruksiya davrida barcha rejalashtirilgan reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yo‘naltiriladi, yo‘lovchilar Nukus va Urganch aeroportlari o‘rtasida transferlar bilan taʼminlanadi. Parvozlar haqida qo‘shimcha maʼlumot olish uchun aviakompaniyalarga murojaat qilish tavsiya etiladi.


