1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Uyli bo‘lgan 70 yoshli muallima, 14 yil degandа ishi tiklangan mayor va himoyaga olingan ayollar

Buxoroda 700 dan ziyod fuqaroning muammosi joyida hal etildi

Uyli bo‘lgan 70 yoshli muallima, 14 yil degandа ishi tiklangan mayor va himoyaga olingan ayollar

 

Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi masʼullari, Bosh prokuratura, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, o‘ttizga yaqin vazirliklar, qo‘mitalar va idoralar rahbarlarining bu galgi manzili Buxoro bo‘ldi. Peshku tumanining Yangibozor, Kogon shahridagi “Temiryo‘lchilar”, Jondor tumanining “Zarafshon” mahallalaridagi muloqotlarida viloyatning barcha hududi aholisi qamrab olindi. Qabullar davomida esa murojaatlari ijobiy hal qilingan ko‘plab insonlarni uchratdik. Yechim topilgan masalalar mavzusi-yu yo‘nalishi turfa, biroq ularning zamirida bir hayotiy haqiqat, mamlakatimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq-erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, qonun ustuvorligi, adolatni qaror toptirish yo‘lidagi ezgu saʼy-harakatlar mujassam.

 

Masalan, Bosh prokuratura masʼullari g‘ijduvonlik 70 yoshli taʼlim faxriysi Anna Gilyovaning murojaatini joyiga chiqib o‘rgangach, masala joyida hal qilindi. Taqdir taqozosi bilan yoshligida Buxoroga ko‘chib kelgan, G‘ijduvonda ulg‘ayib, bir umr muallimalik qilgan Anna momoga madaniy meros obyekti sifatida olingan ixchamgina uychasi o‘rniga G‘ijduvon tumani “Guliston” mahallasidan egalik huquqi asosida uy-joy ajratilishi taʼminlandi. Yangi xonadon kaliti ham shu yerda topshirildi.

 

Prezidentimiz asos solgan xalq bilan muloqot tizimi bois buxorolik Hojiakbar Atoyev, kogonlik Sodiqjon Nurov, g‘ijduvonlik Ashraf Qilichev, qorako‘llik Xurshid Hojiqulov hayotida ham bugun adolat g‘alaba qildi. Bu insonlarning barchasi ancha yillar avval ichki ishlar tizimida turli vazifalarda xizmat qilgan: biri mayor, ikkisi katta leytenant, yana biri kichik serjant bo‘lgan. Sud hujjatlarini o‘qirkanmiz, 2008-2016 yillarda ular yetarlicha fakt-isbotlarsiz, dalillar majmui bilan tasdiqlanmagan ko‘rsatuvlar asosida ishdan chetlatilganiga guvoh bo‘lish mumkin.

 

Bu galgi muloqotlarda esa Ichki ishlar vazirligi masʼullari 6-14 yil deganda yana sohaga qaytgan mayor Hojiakbar Atoyev, katta leytenantlar Sodiqjon Nurov va Ashraf Qilichev hamda kichik serjant Xurshid Xo‘jaqulovni birma-bir tabriklab, ularga masʼuliyatli vazifada omad tiladi.

 

Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Oliy sud masʼullariga murojaatlardan so‘ng aybiga iqror-u qilmishiga ming pushaymon bo‘lgan, munosib jazo olganini tan olish bilan birga, tuzalish yo‘liga o‘tgan, hayotini izga solish uchun imkoniyat so‘ragan bir qator shaxslar muddatidan avval jazodan shartli ozod qilindi.

 

Xususan, murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tumanidagi sudi jazoni ijro etish koloniyasida tashkil qilgan ochiq sud ishida 29 nafar mahkum manzil koloniyasiga o‘tkazildi, bir nafar mahkumning esa jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilib, muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.

 

Murojaatlar asosida oilaviy zo‘ravonlik va tazyiqqa uchragan bir qator xotin-qizlar davlat himoyasiga olinib, ularga himoya orderlari berildi. Xalq qabulxonalari va 3-sektor masʼullariga avval murojaat qilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 10 dan ziyod oilalar farzandlariga ichki imkoniyatlar hisobidan bepul rasmiylashtirib berilgan fuqarolik pasportlari – ID-kartalar topshirildi.

 

Buxoro shahrida yashovchi Kamol Husenovning farzandi avvalroq kredit evaziga ixchamgina issiqxona barpo qiladi, biroq, taqdir-peshona ekan, mehnatining rohatini ko‘ra olmaydi: yaqinda olamdan o‘tadi. Kreditdan qolgan 18 million so‘m qarzdorlikni to‘lashga Kamol ota imkon topa olmayapti. Qarzdorlik esa sudga oshirilgan, suddan ijroga qaratilgan.

 

Ayni shu masalada Sudyalar oliy kengashi masʼullaridan maslahat va yordam so‘ragan Kamol Husenovning kredit qarzdorligi ichki imkoniyatlar hisobidan birato‘la qoplab berildi. Yirik issiqxona tarmog‘iga ega tadbirkorlardan biri yolg‘iz qizi bilan qolgan otaxonning issiqxonasini barqaror ishlab ketishini taʼminlab beradigan bo‘ldi.

 

Qabullarda ko‘plab tadbirkorlarning ham muammolari hal qilindi. Bir misol: Markaziy bank va Maktabgacha taʼlim vazirligi masʼullari bilan muloqotlar asnosida tadbirkor Kimyo Yodgorovaga Kogon tumanida 150 o‘rinli nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti barpo qilish uchun berilgan kreditning imtiyozli davri yana bir yilga uzaytirib berildi.

 

Jondorlik Zarina Boqiyevaning murojaati asosida uning xorijda og‘ir xastalikka chalingan otasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi jamg‘armasi hisobidan mamlakatimizga olib kelinadigan, Sog‘liqni saqlash vazirligi masʼullari esa Zarinaning bemor otasini mamlakatimizda davolashga yordam beradigan bo‘ldi.

 

Qabullardan so‘ng qator murojaatlar joyiga chiqib o‘rganildi/ Mahallalarda, xonadonlarda kechgan muloqotlar asnosida ham qator masalalar yechimi bo‘yicha aniq muddatli vazifalar belgilab olindi. Aytaylik, Markaziy bank masʼullarining Shofirkon tumanining Arabxona, Sho‘robod qishloqlaridagi o‘rganishlaridan so‘ng “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘inining maʼmuriy binosini barpo qilish uchun tamal toshi qo‘yildi. Shofirkonning Sho‘robod qishlog‘ida yashovchi bir guruh murojaatchi xotin-qizlar yaqinda ayni shu mahallada ish boshlaydigan “Buxoro agro klaster” korxonasiga ishga joylashtiriladigan bo‘ldi.

 

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining alohida topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatidagi uch kunlik ommaviy qabullarida qariyb 1 ming 600 ta masala ko‘rib chiqilib, ularning 714 tasi joyida hal qilindi. 322 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, qariyb 560 ta masalani hal qilish bo‘yicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.

Bahriniso Madumarova tayyorladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика