“UzAuto Motors” Prezident topshirig‘ini bajarib, 2022-yilning birinchi yarim yilligida 160 000 dona avtomobil ishlab chiqardi. Bu haqda kompaniya Matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, ilk marotaba birinchi yarim yillikda zavodda 160 000 dona avtomobil ishlab chiqarilgan. Shunday qilib, korxona mehnat jamoasi ishlab chiqarishning yangi rekordini o‘rnatgan.
Shu munosabat bilan kompaniyaning yig‘ish syexida 160 000-chi avtomobilning chiqishiga tantanali tadbir tashkil etilgan.
“UzAuto Motors” AJ bosh direktori Bo Anderson mamlakat prezidenti tomonidan jamoa oldiga qo‘yilgan maqsadga erishishda qo‘shgan hissasi uchun barcha xodimlarga o‘z minnatdorchiligini bildirgan. Shuningdek, Chevrolet Lacyetti va Cobalt avtomobil modellarini kutish muddatini qisqartirilgani hamda kompaniyaning yaqin orada maqsadi Chevrolet Tracker va Onix avtomobillari ishlab chiqarilishini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yish ekanligini ma’lum qilgan.
O‘z ishini yaxshi ko‘rsatkichlar bilan qayd etgan xodimlar faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlangan.


