Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida o‘zining ushbu lavozimga tayinlanishini prezidentga hududlardan real va ishonchli ma’lumot yetkazish zarurati bilan izohladi. Uning aytishicha, Administratsiya strategiyalar ishlab chiqadi va ijro apparatiga yo‘nalish beradi, amaliy ishlar esa Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilgan. Ko‘zga ko‘rinmaydigan bu jarayon ortida katta jamoa, tahlil, maslahat va strategik qarorlar turadi. Bundan tashqari u davlatning tashqi imkoniyatlari cheklanganini ham aytib o'tdi. O'zbekistonning joylashuv jihatidan dengizga yaqin emasligi bunga misol bo'la oladi. Bunday resurslarni o'rnini to'ldirish uchun esa, albatta katta-katta mablag' kerakligi ta'kidlandi.
Saida Mirziyoyeva Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, mamlakatni ochiqlik va islohotlar sari yetaklaganini ta’kidladi. U bolalar mehnatiga barham berish, valyuta liberallashuvi kabi qarorlar jiddiy qarshiliklarga qaramay amalga oshirilganini qayd etdi. Davlat rahbari tizimni ichidan bilgan holda, uni keskin inkor etmasdan, bosqichma-bosqich o‘zgartirish yo‘lini tanlagan.
O‘z vazifasini “haqiqatni yetkazish va nazorat qilish” deb ta’riflagan Saida Mirziyoyeva prezident uchun eng muhim maqsad — har bir o‘zbekistonlik hayotini yaxshilash ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Administratsiya aynan shu g‘oya bilan ishlaydi. “Biz bu yerda vaqtinchamiz, ammo shu vaqt ichida odamlar hayotini yaxshiroq qilishga xizmat qilishimiz kerak”, — dedi u.


