Ijtimoiy tarmoqlarda pedagoglar o‘rtasida dars taqsimoti bilan bog‘liq kelishmovchiliklar aks etgan videolar tarqalmoqda. Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rasmiy mubosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, tarqalgan videolar avvalgi yillarga oid bo‘lib, joriy yilda ushbu mavzuda bunday noxush holatlar qayd etilmagan. Ushbu mavzu yuzasidan vazirlik tomonidan o‘qituvchilarga doimiy ravishda tushuntirish ishlari olib boriladi.
Joriy yilda ham Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan umumtaʼlim muassasalarida dars soatlar taqsimoti bo‘yicha soha xodimlariga to‘liq maʼlumot berish va tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida maktablarning direktor o‘rinbosarlari uchun o‘quv vebinarlari tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Vebinar-treninglar joriy yilning 22 avgust kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
“Shu o‘rinda, yurtimizda o‘qituvchining maqomini mustahkamlash, uning nufuzi va obro‘sini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilib turgan bir paytda o‘qituvchilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish pedagoglarning zarariga xizmat qilishini unutmasligimiz lozim”, — deyiladi xabarda.


