AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Vitkoff Berlin shahrida Yevropa Ittifoqi yetakchilari hamda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvlar o‘tkazishi kutilmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal nashri manbalariga tayanib Tass xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Vitkoff 14–15-dekabr kunlari Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya vakillari bilan muzokaralarda ishtirok etadi. Nashrga ko‘ra, AQSh ma’muriyatining maxsus vakilni Berlinga yuborish haqidagi qarori Vashington va Kiyev o‘rtasida tinchlik bitimi shartlari yuzasidan yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etishga bo‘lgan intilishni ko‘rsatadi.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralarda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer hamda Germaniya kansleri Fridrix Merts o‘z maslahatchilari bilan birgalikda qatnashishi kutilmoqda.
Shuningdek, nashr qayd etishicha, dastlab Yevropa yetakchilari ushbu hafta oxirida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan AQSh tomonidan ilgari surilgan tinchlik rejasi bo‘yicha takliflarni muhokama qilishni rejalashtirgan.
Avvalroq Tramp, agar Vashington muzokaralarni samarali deb hisoblasa, AQSh Yevropadagi uchrashuvlarga o‘z vakilini yuborishini bildirgan edi.


