1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Vladimir Putin AQSh taklif qilgan tinchlik rejasiga ilk bor munosabat bildirdi

Rossiya prezidenti ushbu tinchlik rejasi Rossiya–Ukraina mojarosini hal qilishga asos bo‘lishi mumkinligini ta'kidladi.

Vladimir Putin AQSh taklif qilgan tinchlik rejasiga ilk bor munosabat bildirdi

 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan ishlab chiqilgan Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi Rossiya–Ukraina mojarosini diplomatik yo‘l bilan hal qilish uchun asos bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda u 21- noyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida aytdi.

 

Putinning bildirishicha, Moskva Amerika tomoni tomonidan taqdim etilgan rejani olgan, biroq hujjat hozircha Rossiya bilan “batafsil darajada” kelishilmagan. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, buning asosiy sababi — Ukraina tomoni rejadagi takliflarga rozilik bildirmayotgani.

 

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Alyaskada o‘tgan muzokaralardan so‘ng AQSh tomoni tomonidan pauza kuzatilgan, bu esa Kiyevning Tramp taklif qilgan dastlabki tinchlik rejasi bo‘yicha tasdiq bermagani bilan izohlanadi. Uning aytishicha, aynan shundan so‘ng rejaning 28 banddan iborat yangilangan varianti paydo bo‘lgan.

 

“Biz ushbu matnni Amerika ma’muriyati bilan mavjud aloqa kanallari orqali oldik. U, mening fikrimcha, yakuniy kelishuvga asos bo‘lishi mumkin. Biroq rejadagi qator masalalar mazmunan biz bilan muhokama qilinmagan. Menimcha, bunga sabab — AQSh hanuz Ukraina tomoni roziligini ololmayapti. Ukraina bunga qarshi”, — dedi Putin.

 

Rossiya prezidenti, shuningdek, Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilari mojaroda Rossiyani “jang maydonida strategik mag‘lub etish” g‘oyasiga sodiq qolayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu pozitsiya real vaziyat haqida yetarli va obyektiv ma’lumotlarning mavjud emasligi bilan bog‘liq.

 

Avvalroq, Axios nashri Tramp ma’muriyati tomonidan ishlab chiqilgan tinchlik rejasi loyihasini e’lon qilgan, hujjat 28 banddan iborat bo‘lib, unda Ukraina tomonidan bir qator jiddiy yon berishlar nazarda tutilgan. AQSh va Ukraina rasmiylari hujjatning haqiqiyligini tasdiqlagan.

 

Yevropa Ittifoqi davlatlari esa mazkur reja bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirgan. Ularning fikricha, hujjat hududiy masalalar bo‘yicha yon berishlar va Ukrainaning qisman qurolsizlanishini nazarda tutgani sababli qabul qilib bo‘lmaydi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика