Toshkent shahri Sergeli tumanida voyaga yetmagan bolani kaltaklagan erkak 15 sutkaga qamaldi. Ma’lum bo‘lishicha, holatga maktab o‘quvchilari orasida kelib chiqqan kelishmovchilik sabab bo‘lgan. O‘quvchi qiz ota-onasiga sinfdoshi uni haqorat qilganini aytgan. Er-xotin birgalikda qizini haqorat qilgan bolaning uyiga borgan.
Sergeli tumani 5-mavze hududida joylashgan ko‘p qavatli uylar oldida janjal bo‘layotganda bolaning 2008-yilda tug‘ilgan akasi voqea joyiga kelib qolgan. U ham mojaroga aralashgan va 1992-yilda tug‘ilgan M.I. uni bir necha marotaba urgan.
Qayd etilishicha, voyaga yetmagan T.T.ga “Chap ko‘krak qafasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi” tashxisi qo‘yilgan.
Mazkur holat Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudida ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga ko‘ra, ayblanuvchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan o‘n besh sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.


