1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Xalq o‘z taqdiriga befarq emas

Konstitutsiyaviy islohotlar respublika darajasidagi o‘ta muhim ijtimoiy-siyosiy voqea. Zero, uning zamirida inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan muqaddas g‘oya mujassam.

Xalq o‘z taqdiriga befarq emas

 

Xalqimizda to‘y-maraka yoki hashar qilishdan oldin ko‘pchilik bilan maslahat qilinadi. Ko‘pchilikning roziligi bilan yakuniy qarorga kelinadi. Konstitutsiyaviy islohotlar respublika darajasidagi o‘ta muhim ijtimoiy-siyosiy voqea. Zero, uning zamirida inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan muqaddas g‘oya mujassam. Shaxsan men konstutsiyaviy islohotlar jarayonlarni bevosita kuzatib, bir narsaga quvondim. Fuqarolarimiz mazkur jarayonlarning bevosita tashabbuskori bo‘lib, “bu mening xalqona Konstitutsiyam”, deya Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasida faol ishtirok etdi.

 

Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqishda xalqimizning faollik darajasini ijtimoiy tarmoqlar va OAV da ko‘plab fuqarolarning o‘z nuqtai nazarini asoslashga harakat qilayotganligidan ham bilish mumkin. 

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazishga qarshi fikrlar bildirayotgan ayrim foydalanuvchilarni ham uchratish mumkin.

 

Avvalo aytish lozimki, referendum O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishi hisoblanadi.

 

Mustaqil O‘zbekiston tarixida uch marotaba (1991, 1995, 2002) referendumlar o‘tkazilgan. Joriy yil 30 aprelda o‘tkaziladigan referendumning o‘ziga xos xususiyati shundaki, mamlakatimiz tarixida ilk marotaba, Konstitutsiya loyihasi xalq bilan maslahatlashgan holda umumxalq ovoziga qo‘yilmoqda.

 

Mazkur yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi 10 oyga yaqin vaqt mobaynida umumxalq muhokamasiga qo‘yilgandan so‘ng, umumxalq ovoziga qo‘yilmoqda. Shu bois Konsitututsiyaning yangi tahririni tom maʼnoda “Xalq Konstitutsiyasi” deb aytish mumkin. Zero, Konstitutsiya loyihasi fuqarolardan kelib tushgan 220 mingdan ortiq takliflar asosida shakllantirildi. Bunday muhokama mamlakatimiz tarixida hech qachon bo‘lmagan.

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada “Inson qadri” bosh g‘oyasi Konstitutsiya normalarida to‘liq o‘z aksini topgan. Konstitutsiyaning aksariyat normalari prinsipial jihatdan yangilanmoqda, Birgina inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar qariyb ikki barobarga ortmoqda. Mamlakatimiz tarixida Konstitutsiyaga shu vaqtga qadar kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning asosiy maqsadi esa, davlat organlarining maqomi va vazifalarini takomillashtirishga qaratilgan edi.

 

Konstitutsiyaning moddalari soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni esa 275 tadan 434 taga ko‘paymoqda. Shuningdek, 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual o‘zgarish kiritilyapti. Konstitutsiya matni 65 foizga yangilanmoqda.

 

Yakuniy bosqichda esa umumxalq muhokamasi natijasida maromiga yetkazilgan qonun loyihasi Prezidentimiz taklifiga asosan, referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilinishi ko‘rsatib o‘tilgan edi.

 

Qonunga asosan, referendum o‘tkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga ega.

 

Hokimlik institutining vakolatlarini real cheklash, uning kengash va saylovchilar oldidagi hisobdorligini oshirishga oid bir qator islohotlar amalga oshirildi. Xususan, deputatlar orqali mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini nafaqat kuzatib, balki nazorat qilib borish amaliyoti joriy etildi.

 

Bundan tashqari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida davlat organlari rahbarlari va hokimlarning fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalari qay darajada hal etilayotgani to‘g‘risidagi hisobotlarini muntazam eshitish tizimini yo‘lga qo‘yildi. Hozirda ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari bir vaqtning o‘zida mahalliy vakillik organi deputati bo‘lishi mumkin emas. Hokimliklarning yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish vakolati bekor qilindi.

 

Hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidaning Konstitutsiyadan chiqarib tashlanishi hokimiyatning tiyib turilishi qoidasiga to‘liq mos keladi, hokimning mahalliy kengash oldidagi hisoboti ham, istiqboldagi vazifalari ham deputatlar tomonidan hech qanday bosimsiz erkin muhokama qilinadi, xolis baholanadi.

 

Umuman olganda, referendum O‘zbekistonda yoki boshqa mamlakatlarda yashashidan qatʼiy nazar shu yurtga va elga daxldor hisoblagan fuqarolarimiz orzu istagiga, bugungi real voqelikka, yurtdoshlarimizning ongu tafakkuridagi o‘zgarishlarga, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga hamohang tarzda har bir insonni hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qiladi.

 

Bekzod NARIMANOV

Toshkent davlat yuridik universiteti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика