1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Xalqaro hamkorlik: oqova suv tizimi yana-da yaxshilanadi

Maʼlumotlarga ko‘ra, bugungi kunda jahonning 43 mamlakatida yashovchi 700 millionga yaqin kishi suv yetishmovchiligidan aziyat chekadi.

Xalqaro hamkorlik: oqova suv tizimi yana-da yaxshilanadi

 

Maʼlumotlarga ko‘ra, bugungi kunda jahonning 43 mamlakatida yashovchi 700 millionga yaqin kishi suv yetishmovchiligidan aziyat chekadi. 2,7 milliard odam esa har yili kamida bir oy mobaynida suv tangligi kuzatiladigan mintaqalarda istiqomat qiladi.

 

Butunjahon yovvoyi tabiat fondi (WWF) maʼlumotlariga ko‘ra, dunyo suv zahirasiing 2,5 foizinigina chuchuk suv tashkil etadi, ustiga-ustak bu ichimlik suvining 70 foizi muzliklarda mujassam.  

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti keltirgan maʼlumotlarda aytilishicha, hozirda 785 million kishi ichimlik suvidan mahrum, 144 million kishi esa tozalanmagan suvni ichadi.

 

2 milliard inson kanalizatsiya oqava suvlari aralashgan ichimlik suvini isteʼmol qiladi, bu esa vabo, ichburug‘ (dizenteriya), terlama (tif), poliomiyelit kabi kasalliklarning tarqalishi xavfini tug‘diradi.

 

BMT maʼlumotlariga binoan, jahonda suv isteʼmoli hajmi 6 barobarga oshgan  va bu ko‘rsatkich tinmay o‘sib bormoqda. Butunjahon tashkiloti ekspertlari 2050 yilga borib insoniyatning 40 foizi suv tanqisligi muammosiga ro‘baro‘ kelishini maʼlum qilishmoqda. Shu bois ham obi hayot manbai bo‘lgan suvning har bir tomchisini isrof qilmay, asramoq kerak va bu borada yurtimizda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida “O‘zsuvtaʼminot” AJ va Birlashgan Arab Amirliklarining “Abu Dhabi Sewerage Services” (ADSSC) kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

 

Memorandumni Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari, “O‘zsuvtaʼminot” AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov va “Abu Dhabi Sewerage Services” bosh ijrochi direktori Ahmed Al-Shamsi imzoladi. Unga ko‘ra, “Toshkent shahrining oqova suv tizimini yaxshilash” loyihasi amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumani “Surum” MFY hududida kunlik quvvati 1 million metr kubdan ziyod bo‘lgan zamonaviy oqova suv tozalash inshooti quriladi. Bu 3-oqova suv nasos stansiyasi, “Bektemir” va “Binokor” oqova suv tozalash inshootlariga kelayotgan oqova suvlarni o‘zi oqar tarzda inshootga qabul qilish imkoniyatini beradi. Natijada bir kecha kunduzda 55,4 kVt elektr energiyasi tejalishiga erishiladi.  

Yangi oqova suv inshootining birinchi bosqichi yakunlanganidan so‘ng, Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlaridagi 400 mingdan ortiq aholi, korxona va tashkilotlar markazlashgan oqova suv xizmati bilan qamrab olinadi. Eʼtiborli jihati loyihaning amalga oshirilishi ushbu tumanlardagi sanitariya-epidemiologik hamda ekologik holatning yana-da yaxshilanishiga xizmat qiladi.  

“Abu Dhabi Sewerage Services” kompaniyasi 2005 yilda Abu-Dabi amirligidagi barcha turar-joy va aholi punktlaridan oqova suvlarni yig‘ish va tozalash, shuningdek, xo‘jaliklarning qattiq va suyuq maishiy chiqindilarini xavfsiz utilizatsiya qilish maqsadida tashkil etilgan.  

 

Sunnatbek Karimov

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика