Prezident farmoni bilan 2025-yil 1-yanvarga qadar malaka toifalarini berish tizimini vakolatli xorijiy tashkilotlarning akkreditatsiyasidan oʻtkazish orqali pedagog kadrlarga xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
Unga ko`ra, xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini olgan pedagog kadrlarga tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga nisbatan 70 foiz miqdorida qoʻshimcha haq toʻlanadi. Bundan tashqari, pedagog kadrlarning «elektron portfoliosi» shakllantirib boriladi va unga oʻqituvchilarning malaka darajasi, kasbiy rivojlanish natijalari va pedagogik faoliyati davomida erishgan yutuqlari kiritiladi.
Shuningdek, 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktorlariga oʻz oʻrinbosarlarini ishga qabul qilish va ishdan boʻshatish, ajratilgan umumiy soatlar doirasida oʻquv rejalariga 15 foizgacha oʻzgartirish kiritish masalalarini mustaqil hal qilish huquqi beriladi.
Ma`lum qilinishicha, qaror bilan tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlarining umumiy oʻrta taʼlim muassasalari faoliyatini tekshirish va taʼlim sifatini baholash boʻyicha vakolatlari bekor qilinadi.


