Xitoy Afg‘onistonning mustaqilligi va suverenitetini hurmat qiladi, uning ichki ishlariga aralashmaydi va bu davlatga nisbatan shaxsiy manfaatlarini ko‘zlamaydi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi eʼlon qilgan hujjatning 11-bandida Pekinning Afgʻoniston masalasi boʻyicha pozitsiyasi bayon etilgan.
“Xitoy Afg‘onistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini, afg‘on xalqining mustaqil tanlovini, uning diniy e’tiqodlari va etnik urf-odatlarini hurmat qiladi”, — deyiladi hujjatda.
XXR Afgʻoniston ochiq va inklyuziv siyosiy tuzilma yaratishiga, muvozanatli ichki va tashqi siyosat olib borishiga, boshqa davlatlar, ayniqsa qoʻshnilar bilan doʻstona munosabatlarni saqlab turishiga umid bildiradi.
Pekin Afg'onistonni qayta tiklash va rivojlantirish uchun o'z imkoniyatlari doirasida yordam ko'rsatishni davom ettiradi, turli yordam majburiyatlarini rejalashtiradi va amalga oshiradi. “Xitoy Afg‘onistonning “Bir makon, bir yo‘l” qo‘shma qurilishidagi ishtirokini olqishlaydi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, hujjatda Xitoy afg‘on qochqinlari taqdiridan xavotirda ekani, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama kanallar orqali insonparvarlik yordamini ko‘rsatishda davom etishi aytiladi. Xitoy TIV Afgʻoniston boʻyicha oʻz pozitsiyasini 13-aprel kuni Samarqandda Rossiya, Xitoy, Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston ishtirokida boʻlib oʻtadigan Afgʻonistonga qoʻshni davlatlarning toʻrtinchi vazirlar konferensiyasi arafasida eʼlon qildi.


