Xitoy elektromobillarda yashirin (elektron yoki “ko‘rinmas”) eshik tutqichlarini qo‘llashni rasman taqiqlagan birinchi davlat bo‘ldi. Tegishli talablar Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan e’lon qilindi va 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.Bu haqda BBC xabar berdi.
Qaror elektr transport vositalari ishtirokida yuz bergan bir qator halokatli yo‘l-transport hodisalaridan so‘ng qabul qilingan. Xususan, ayrim avariyalarda elektr tizimidagi nosozlik sabab eshiklarni ochish imkoni bo‘lmagani qayd etilgan. Shundan so‘ng elektromobillar xavfsizligi masalasi tartibga soluvchi organlar tomonidan kuchaytirilgan nazoratga olingan.
Yangi qoidalarga ko‘ra, Xitoy bozorida sotiladigan transport vositalari ichkaridan ham, tashqaridan ham mexanik usulda ochiladigan eshik tizimiga ega bo‘lishi shart. Har bir yo‘lovchi eshigida tashqi tomondan mexanik ochish mexanizmiga kirishni ta’minlovchi maxsus chuqurcha bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, salon ichida eshikni qo‘lda qanday ochish mumkinligini ko‘rsatuvchi aniq belgilashlar o‘rnatilishi lozim.
Hozirda tasdiqlangan va Xitoy bozoriga kirishga tayyorlanayotgan avtomobillarga eshik ochish mexanizmlarini moslashtirish uchun ikki yillik o‘tish davri beriladi.
Ma’lumot uchun, yashirin elektron eshik tutqichlari ilk bor 2012-yilda Tesla Model S avtomobilida qo‘llanilgan va keyinchalik Xitoy ishlab chiqaruvchilari orasida keng tarqalgan. China Daily nashriga ko‘ra, Xitoy bozorida eng ko‘p sotiladigan 100 ta NEV modelining qariyb 60 foizi ana shunday tutqichlar bilan jihozlangan.


