Ijtimoiy tarmoqlarda "Toshkent viloyati hokimligi qariyb yarim milliard so‘mlik mebellar to‘plami xarid qilgani"ga oid xabar tarqaldi.
Mazkur xabarni tayyorlash va tarqatishdan avval viloyat hokimligining shu masalaga daxldor bo‘lgan biror masʼul xodimidan izoh yoki qo‘shimcha tushuntirish olinmagani unda biryoqlamalik va yuzaki yondashuvni keltirib chiqargani turgan gap. Buni mazkur post tagida qoldirilayotgan xolis-noxolis izohlardan ham ko‘rish mumkin.
Tarmoq foydalanuvchilarining fikr va munosabat bildirish huquqlarini hurmat qilgan holda ijtimoiy tarmoqdagi mazkur chiqish yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:
Haqiqatan ham, viloyat hokimining 2022-yil 11-martdagi 65-10-0-F/22-son farmoyishi qabul qilingan bo‘lib, unga asosan viloyat hokimligi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun viloyat mahalliy byudjetining zaxira jamg‘armasi hisobidan mablag‘ ajratilgan.
Farmoyishga O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksi va “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 6, 25-moddalari, shuningdek, viloyat hokimligi ishlar boshqarmasi boshqaruvchisi tomonidan taqdim etilgan bildirgi asos bo‘lgan.
Gap shundaki, viloyat hokimligida xizmat yig‘ilishlari, videokonferensiya va muzokaralar o‘tkazishga moslangan mobil formatdagi maxsus jihozlangan anjumanlar zaliga ehtiyoj borligi tufayli mazkur bino qisqa muddatda, hokimlik hududida yangidan barpo etildi. Tabiiyki, yangi anjumanlar zalini zamonaviy, har taraflama maqbul va uzoq vaqt xizmat ko‘rsatadigan sifatli mebel anjomlari bilan jihozlash zarurati bor. Shu maqsadda yuqoridagi farmoyishga asosan viloyat hokimligi zaxira jamg‘armasidan 453 mln. 667 ming so‘m yo‘naltirilgan.
Farmoyishda alohida taʼkidlanganidek, mazkur mablag‘ viloyat miqyosida o‘tkazilgan “Navro‘z” umumxalq bayrami sayillarida dekoratsiya, sahna va boshqa jihozlarni tayyorlash va o‘rnatish uchun ko‘zda tutilgan sarf-xarajatlardan iqtisod qilingan holda ajratilgan.
Shartnomada mahsulotni yetkazib berish muddati 10 kun etib belgilangan va xarid maqsadi ko‘rsatilmagan, deb yozadi bloger. Xarid maqsadining ko‘rsatilmagani mebellarning viloyat hokimi uchun xarid qilinganini anglatmaydi, albatta. Binobarin, mebellarning birortasi viloyat hokimining ish kabineti uchun mo‘ljallanmagan.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, barcha uchun ochiq manbaga joylashtirilgan hujjatlarda aniq-tiniq oshkor qilingan sarf-xarajatlarga oid maʼlumotlarga alohida tus berish, ularni taxmin va tusmol bilan sharhlashga urinish kimga, nima uchun kerakligi bizga qorong‘u. Ish va ofis anjomlariga "shohona mebellar" deb nisbat berilishi qaysi mezonga asoslangani ham bizga nomaʼlum.
Qolaversa, mazkur mebel to‘plamlarini xarid qilish uchun yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritilmagan tadbirkorlik tuzilmasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgani haqidagi taʼkid ham o‘rinsiz bo‘lib, hokimliklar zaxira jamg‘armasidan mablag‘ sarflaganda post egasi iddao qilayotgan tartib nazarda tutilmagan.
Fursatdan foydalanib, hurmatli ommaviy axborot vositalarining vakillari, bloger va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini yana bir marta xolis bo‘lishga, har qanday masalani ommaga taqdim etish yoki ulashishdan avval uni atroflicha o‘rganishga chorlab qolamiz, — deyiladi hokimlik xabarida.


