Joriy yilning 30-iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida yashovchi G‘ulom Boboyorov Adliya vazirligiga G‘ulom Nazar taxallusi bilan ijod qilib kelishini bildirib, «Dadangizni quchoqlab qo‘ying» nomli sheʼridan ruxsatsiz, kelishuv shartnomasini tuzmasdan uchinchi shaxslar tomonidan qo‘shiq qilib ijro qilinayotganligidan norozi bo‘lib, amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Uning murojaati Andijon viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda o‘rganib chiqildi.
O‘rganish jarayonida Asaka tumanida yashovchi fuqaro Elyor To‘ychiyev yuqoridagi sheʼrini “Otam” nomi bilan to‘ylarda qo‘shiq qilib ijro etganligi va uni “Youtube” ijtimoiy tarmog‘iga joylaganligi aniqlandi.
Yuqoridagilarga asosan, boshqarma tomonidan fuqaro E.Toychiyevga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177(1)-moddasi bilan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tuman sudiga yuborildi.
Sud qaroriga asosan xonanda E. To‘ychiyev aybli deb topilib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.


