Turkiyadagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida xorijda ovoz berganlar soni rekord ko‘rsatkich – bir million 850 mingdan ortiq fuqaroni tashkil etdi, deyiladi mamlakat Oliy saylov komissiyasi bayonotida.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, birinchi turda xorijda va chegara punktlarida deyarli 1 million 840 ming kishi ovoz berdi, saylovchilarning ishtiroki 53 foizdan oshdi, 16 mingdan ortiq ovoz haqiqiy emas deb topildi. Birinchi turda xorijda ovoz berish deyarli ikki hafta, ikkinchisida to‘rt kun davom etdi. Ayrim mamlakatlarda saylovlar uchun bir kun ajratilgan.
Xabaringiz bor, saylovning birinchi bosqichida mamlakatning amaldagi rahbari Rajab Toyyib Erdog‘on 49,52 foiz, uning yetti muxolifat partiyasidan raqibi Kemal Qilichdaro‘g‘li 44,88 foiz ovoz olgan edi. Prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichi 28 mayga belgilangan.


