Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-iyundan yoshi 18 dan kichik va 30 dan katta bo‘lmagan, umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus maʼlumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni ko‘ngilli asosda jalb qilish orqali “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyati tashkil etiladi.
Mazkur guruhlarning asosiy vazifalaridan biri o‘rta, o‘rta maxsus va professional taʼlim muassasalarida o‘qiyotgan qizlarning xulq-atvoriga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan hamda ularning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni aniqlashda ko‘maklashish hisoblanadi.
Guruhlar respublikaning barcha tuman (shahar)larida 2 nafardan (kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan tuman (shahar)larda 3 nafardan) ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzurida shakllantiriladi.
Guruh aʼzolari 1 yil davomida o‘qish va ish jarayoniga salbiy taʼsir etmagan holda umumiy 360 soat vaqt mobaynida faoliyat olib boradi.


