
Sergeli bilan Yakkasaroy tumanini bog‘laydigan qo‘shimcha yo‘l juda zarur edi. Yo‘l qurilish loyihasi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Cho‘ponota ko‘chasidan Toshkent halqa yo‘ligacha qariyb 2 kilometrlik trassa qurib, bitkazilgan. Uning Kichik halqa yo‘li ustidan o‘tgan qismida 788 metrlik ko‘prik va Toshkent halqa yo‘liga tutashgan joyida ikkita 207 metrlik yo‘l o‘tkazgich barpo etilgan.
Mazkur transport inshootlari bugundan ochildi.

Ushbu yangi yo‘l va ko‘priklar muhandislik yechimiga ko‘ra juda qulay. Birinchidan, mazkur yangi ko‘cha Toshkentning eng yirik transport arteriyalari – kichik va katta halqa yo‘llari bilan kesishadi. Ikkinchidan, transportlarning yangi ko‘prikka chiqishi ham, tushishi ham qulay. Hech qanday svetofor yoki qayrilib olishlarsiz, boshqalarga xalaqit bermagan holda, keyingi yo‘nalishga qo‘shilib ketish mumkin.
Ayni paytda loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida jadal ishlar olib borilmoqda. Toshkent halqa yo‘lidan Qipchoq ko‘chasigacha bo‘lgan 4 kilometrdan ziyod yo‘l qurilmoqda.
Мazkur 6 qatorli yo‘l va ko‘priklar soatiga 12 mingtagacha avtotransportni o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi. Shu tariqa, Sergeli tumanidan shahar markaziga yetib borish vaqti oldingi 40-50 daqiqa o‘rniga 20 daqiqani tashkil qiladi. Yangi Sergeli ko‘chasidagi tirbandlik ikki baravarga qisqaradi.


