1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Yakshanba mutolaasi: Biz yerliklarda buyuk va go‘zal narsalarni vayron qilish isteʼdodi bor

Zamon.uz Rey Bredberining “Marsga hujum” asarini tavsiya qiladi.

Yakshanba mutolaasi: Biz yerliklarda buyuk va go‘zal narsalarni vayron qilish isteʼdodi bor

 

“Hayratga tushish qobiliyati  buyuk ishdir, - dedi faylasuf. – Kosmik parvozlar bizlarni yana  bolalarga aylantirib qo‘ydi”.

 

“Marsga hujum” asari jahonga mashhur amerikalik fantast yozuvchi Rey Bredberiga olamshumul shuhrat keltirgan ilmiy-fantastik roman hisoblanadi. Turli qahramonlar, hikoyachilar tilidan yilnoma uslubida yozilgan, bob-hikoyalarga bo‘lingan roman aslida 1940-yillarning ikkinchi yarmida adabiy jurnallarda kichik hikoyalar ko‘rinishida chop etilgan. Asarda 1950 yilning boshlarida Amerika jamiyatini tashvishga solayotgan asosiy muammolar, yaʼni yadro urushi tahdidi, murakkablashib borayotgan hayotni soddalashtirish istagi, irqchilik va senzuraga qarshi kurash aks etadi.  Rey Bredberi ilmiy fantastika janrini juda yaxshi ko‘rgan, chunki dunyoning hozirgi holatini boricha ko‘rsatish (xayoliy kelajak omilidan foydalanish, shu orqali odamlarni o‘tmishdagi xatolarni takrorlash va ularni og‘irlashtirishdan himoya qilish)da biror bir janr fantastikachalik cheksiz imkoniyatga ega emas, deb hisoblagan.

 

Chindan ham, kundalik hayotimizda bizga judayam oddiy ko‘rinadigan, qachonlardir olamshumul tasavvurga ega kimlardir tomonidan o‘ylanib, olimlar va kashshoflar tomonidan turmush tarzimizga kiritilgan minglarcha ixtirolar zamirida fantastika yotadi.

 

Odatiy fikrlovchi minglab, hatto millionlab odamlardan farqli, aql bovar qilmas xayollar bilan yashayotgan sanoqli kishilar butun insoniyat turmushini o‘zgartirib yuborishga qodir. Ana shunday bashariyat tafakkuriga sezilarli taʼsir etgan shaxslardan biri – yozuvchining o‘zi Rey Bredberidir.

 

Darvoqe, u asarlarida plazmali televizorlar, bankomatlar va kuzatuv kameralari haqida bashorat qilgan bo‘lsa-da, uyida televizor va telefondan bo‘lak hech qanaqa texnika bo‘lmagan. Rey Bredberi mashina, kompyuter va internetdan nafratlanishini yashirib o‘tirmagan: “Ular bizning yashashimizga xalaqit berishadi, ular bizning vaqtimizni olib qo‘yishadi. Odamlar kompyuterda juda ko‘p ishlashadi. Ular bir-birlarini tinglash o‘rniga, juda ko‘p vaysashadi”.

 

1999 yilning yozida  AQSHda Marsga birinchi ekspeditsiya yo‘l oladi. Bu orada marsliklar nomaʼlum narsaning yaqinlashayotganini his qilishadi. U yerliklar aslida telepatlar bo‘lib, bir-birlarining fikrlarini so‘zsiz o‘qiy oladilar. Ammo Marsga yerliklarning kelishi bilan marsliklar ularga moslashib, xayollari tilidan uchib chiqa boshlaydi. Birinchi va ikkinchi ekspeditsiya aʼzolari tub aholi tomonidan o‘ldiriladi.

 

Uchinchi ekspeditsiya Marsda Amerikadagi Ogayo shaharchasining xuddi o‘shanday nusxasini, undan tashqari marhum qarindoshlarini ko‘rib, hayratdan yoqa ushlaydi. Aslida bu marsliklar nayrangi bo‘lib, ularni gipnoz qilishadi va yo‘q qilib yuborishadi.

 

Astronavtlar Marsga o‘lim urug‘ini olib kelishadi: tub aholi suvchechak virusiga qarshi tura olmaydi. To‘rtinchi ekspeditsiya yo‘q bo‘lib ketgan shaharlarni topadi. Ekipaj aʼzolari orasida ichki nizo chiqadi: ulardan biri ekipajdagilarning hammasini o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Shu yo‘l bilan u, yerliklar Marsni zabt etish g‘oyasidan voz kechishi va u yerga ham atom bombalarini olib kelolmasligini taʼminlamoqchi bo‘ladi. Ammo isyonchi o‘ldiriladi.

 

Qizil sayyora o‘zlashtiriladi, daraxt va ekinlar ekiladi, elektr energiyasi o‘tkaziladi. Yerning nusxasi yaratiladi. Shunday qilib, bir marslik yangi kelganlar bilan birga yashay boshlaydi, ammo ulardan birini tanlay olmay, azob-uqubatdan vafot etadi. Marsdan yuzga yaqin marsliklar chiqib ketishadi.

 

Yerda esa yadro urushi boshlanish arafasida. Yaqinlari va o‘z vatanlari haqida xavotirga tushgan odamlar (uch kishidan tashqari) yana Yerga qaytib keladilar.

 

20 yil o‘tgach, bir oila Marsga qo‘nadi va yangi hayot qurish, Yerdagi Katta Urushni unutish uchun o‘zlariga o‘xshagan yana bir nechta ishqibozlarning kelishini kutadi...

 

Fantast yozuvchi insonlarning Yerga, tabiatga munosabati izdan chiqqani, hatto Marsni ham Yerliklar egallab olgani, kuni kelib Marsning boshiga ham shu kunlarni solishi haqida iztirob chekib yozadi. Insonlarning o‘z huzur-halovatini o‘ylashi ortidan hech narsadan tap tortmasligi, Marsda yashay turib, Yupiter, Saturn kabi yana boshqa sayyoralarni ham ko‘zdan qochirmasligi, iloji bo‘lsa, agar hayot alomatlari topilsa, o‘sha yoqqa ko‘chib o‘tishni rejalashtirishlari  haqida kinoya bilan yozadi. Asardan olinadigan xulosalar ko‘p.  Eng muhimi esa, inson o‘zi yashab turgan Zaminga, tabiatga xiyonat qilmasligi, uni asrab-avaylashi lozimligidir.

 

Asar shuningdek, tasavvuringizga har kuni ham kelavermaydigan o‘xshatish, fantastik xayollarni aks ettirgani bilan o‘qishli, zavqli. Masalan,  Rey Bredberi Mars sayyorasi va marsliklarni quyidagicha tasavvur qiladi:

 

...Mister Aaa temir piyolasidan elektr alangasini ho‘plagancha tosh terilgan yo‘lakdan ovozlar kelayotganini eshitdi.

 

...missis K. billur devorlardan yetilib chiqqan oltin mevalarni yemoqda...

 

...ayol beixtiyor go‘sht bo‘laklarini qaynab turgan olovga tashladi.

 

...mana bu sharfing, – er unga shisha idishchani tutdi.

 

...ularning yuzlari chinakam marsliklardek toza, qorachadan kelgan edi. Ko‘zlari oltin tangalardek sap-sariq, ovozlari mayin va yoqimli. Ilgari ular kimyoviy olov bilan suratlar chizishni yaxshi ko‘rardilar, sharob daraxtlari limmo-lim to‘lib oqqan anhorlarda suzishni yoqtirishardi, keyin esa tonggacha xilvatgina xonada nur taratib turgan portretlar tagida suhbat qurar edilar.

 

...siz g‘irt marslik ekansiz! Ko‘zlaringiz sap-sariq, badaningiz qoracha…

 

...siz hatto ko‘zingiz rangini almashtirmoqchi ham bo‘ldingiz – sariq o‘rniga ko‘kni, badaningiz qorachadan kelgan emas, balki qizg‘ish! Mana bu kostyumingizni qarang, qo‘lingizda esa, oltita o‘rniga beshta barmoq bor! Nima ham derdik, ruhiyotdagi og‘ishlar taʼsiri ostida mutlaqo biologik metamarfozadan boshqa hech narsa emas!

 

O‘z navbatida marsliklar bizni shunday tasavvur qilishlari mumkin ekan:

 

...qop-qora sochlar, ko‘m-ko‘k ko‘zlar, oppoq badan...

 

...uchinchi sayyora (Yer)da hayot bo‘lishi mumkin emas. Olimlarimiz shuni aniqlaganlarki, u yerda havoda kislorod haddan tashqari ko‘p. U yerda odamlar yashaganida qanday zo‘r bo‘lar edi-ya! Qanaqadir g‘alati kemalarda koinotda sayohat qila olishganda nur ustiga nur bo‘lardi.

 

...Yer boshdan oyoq dengiz, dengizdan boshqa hech narsa yo‘q. U yerda hech qanday quruqlik yo‘q.

 

Kitobxon bu satrlarni o‘qirkan, beixtiyor o‘zini Marsdadek his etishi, tasavvurning cheksiz olamiga sho‘ng‘ishi tabiiy. Fantastik asarlar mutolaasi o‘quvchiga-da qotib qolgan tasavvurlarini jonlantirish, dunyoga boshqacha nigoh bilan qarash, o‘zi kirib, qamalib qolgan qobiqlarni yorib tashlash imkonini berishi bilan ham qimmatli.

 

Asardan iqtiboslar:

 

Biz yerliklarda buyuk va go‘zal narsalarni vayron qilish isteʼdodi bor. Agar biz Misrda Qarnoq ehromi xarobalari orasida tamaddixona ochmagan bo‘lsak, buning sababi shundaki, xarobalar qiyalikda joylashgan va u yerda tijorat ishlari yurishmaydi.

 

Vaktning hidi qanaqa bo‘ladi? Changmi, soatmi, odammi? Bundoq o‘ylab ko‘rganda bu vaqt degani o‘zi qanaqa bo‘ladi? Eshitsa bo‘ladimi? U bir qarasang zim-ziyo mag‘orada shildirab tushayotgan suv, bir qarasang chorlayotgan tovush, bir qarasang bo‘sh quti qopqog‘iga to‘kilayotgan tuproqning shuvullashi, bir qarasang yomg‘ir.

 

-         Nimaga buncha tikilib qarab qoldingiz, dada?

-         Men yer mantig‘ini, sog‘lom fikrni, oqilona hukmronlikni, tinchlik va masʼuliyatni qidirayotgan edim.

-         Xo‘sh, topdingizmi?

-         Yo‘q. Topmadim. Ular endi Yerda yo‘q. Bundan keyin ham hech qachon bo‘lmaydi. Biz o‘z-o‘zimizni aldab kelgan ekanmiz, chamamda, aslida biz o‘zi yo‘q narsani qidirar ekanmiz.

 

Nikoh hattoki ilgaridan tanish bo‘lgan yosh yigit-qizlarni ham keksa qilib qo‘yadi…

 

– Sizni, albatta, davolab bo‘lmaydi. Baxtiqarosiz, g‘aroyib odamsiz! Sizni faqat o‘lim qutqaradi.

 

Dunyo urush yoki urush haqidagi fikrlar girdobida qolib ketgan edi.

 

Sevara ALIJONOVA

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика