1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Yakshanba mutolaasi: Chaqalarga sotilajak mehr

Zamon.uz Gabriel Garsia Markesning “Unutilmas kun” hikoyasini tavsiya etadi.

Yakshanba mutolaasi: Chaqalarga sotilajak mehr

 

Ijodkor Xudoning olamga atagan shunday moʻjizasiki, u hamma ham anglay olmaydigan beqiyos tug‘yonlarni odamlarga eslatib turadi. Aslida insonning insonligi ham shunda, degan aqidani bot-bot singdiradi.

 

Gabriel Garsia Marksning har bir hikoyasi orqali o‘quvchi bir jumboqqa yechim topsa, ajab emas.

 

Hikoya haqida so‘z yuritishdan avval yozuvchining inson rutbasidagi eng mayda, zarradek tuyg‘ularini ham chetlab o‘tmaganiga tahsin aytish lozim. Kichikkina syujet ortida butun bir insoniyatni tom maʼnoda halok qilajak illatlar turgandek go‘yo.

 

"Unutilmas kun" qushlarga qafas yasovchi usta Baltasar hamda u bilan birga sodir bo‘ladigan voqea-hodisalar ustiga qurilgan. Fikrlar avvalida, syujetdan kichik parcha keltirib o‘tish joiz.

 

U Baltasar ikki haftadan buyon duradgorlik ishlarini tashlab, faqat shu qafas ustida ishlagani, kechalari alahsirab, tuzukroq uxlolmagani, hatto soqol olishga ham qo‘li tegmaganidan norozi edi. Biroq tayyor qafasni ko‘rishi bilan norizolik kayfiyati o‘z-o‘zidan yo‘qoldi. Baltasar uxlab yotganida Ursula uning ko‘ylagi va shimini dazmollab, belanchak qarshisidagi kursi suyanchig‘iga osdi va qafasni xonadagi stol ustiga keltirib qo‘ydi. Keyin esa, jimgina unga tikilib qoldi.

— Shunga qancha pul olishing mumkin? — so‘radi eri uyg‘onib kiyina boshlaganida.

 

— Bilmadim, — javob qaytardi Baltasar. — O‘ttiz peso so‘rayman, hech bo‘lmasa, yigirma peso berishar. 

 

— Ellikta so‘rayver, — dedi Ursula. — Axir sen shuni deb ikki hafta uxlamading. Keyin uning kattaligini qara. Bilasanmi, umrimda bunaqa katta qafasni ko‘rmaganman.

 

Baltasar soqol ola boshladi.

 

— Ellikta berishadi, deb o‘ylaysanmi?

 

— Don Xose Montel uchun bu pul nima degan gap. Qafas ham shu pulga arziydi, — dedi Ursula. — Oltmishta so‘rasang ham bo‘laveradi.

 

Uy odamning nafasini bo‘g‘adigan darajada rutubatli, buyam yetmaganday, undagi issiqqa chidash ham amrimahol edi. Baltasar havoni yangilash uchun eshikni qiya ochishi bilan xonaga bir to‘da bola otilib kirdi.

 

Hikoya nima haqida ekanligini taxmin qilish qiyin emas. Biroq haqiqiy manzarani ko‘rish uchun uni to‘lig‘icha o‘qib chiqish kerak. Yozuvchi kishi botinidagi qusurlarni shu kichik hikoya orqali ifoda etishga urinadi va buning uddasidan go‘zal tarzda chiqa oladi.

 

Mohir usta 2-3 kunlab vaqt sarflagan qafasini nahotki pul ilinjida yasagan bo‘lsa?

 

Nahotki, chaqalar inson xohish-u istaklari, orzularini ham cheklab o‘tishga arzisa?

 

Nahotki pul bir bemorga hadya etiladigan quvonch kuchidan ham ustun bo‘lsa?

 

O‘quvchi mana shunday savollar bilan hikoyani o‘qishda davom etadi. Baltasar garchi betakror sanʼat asarini pul uchun yasamagan bo‘lsa-da, biroq uning xotini bundan ko‘proq manfaatdor ekani, usta xayollarining ham bir burchagida bunday o‘y borligi hikoyada yaqqol namoyon bo‘lgan. Hatto, doktor kelib, qafasni unga sotishini iltimos qilsa ham, xasta ayoliga olib borsa u juda xursand bo‘lishini aytsa ham Baltasar hali puli to‘lanmagan qafas uchun taxminiy baland narx aytadi. To‘g‘rirog‘i, bundan umid qiladi.

 

(Oxir-oqibat shunday bo‘ldimi?)

 

Shu o‘rindagi Baltasar va doktorning dialogi o‘quvchiga ko‘plab xulosa berishga undaydigan qismdir.

 

Markes butun boshli romanga sig‘maydigan syujetni ushbu qisqa hikoya orqali odamlarga yetkazib bera olgan atoqli adib. Baltasar, doktor, Montel va uning oilasi bilan bo‘lgan suhbatning o‘ziyoq hikoyaning qiymatini baholab qo‘ygan. O‘tkir xulosani esa o‘quvchini o‘ziga qoldirish joiz...

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика