Jahon adabiyoti sahnida o‘quvchi eʼtiborini tortadigan asarlar talaygina. Biroq mazkur eʼtiborning asar mutolaasidan so‘ng insonni tamomila o‘zgacha olamga olib ketish, turli savollar girdobiga ko‘mib tashlash bilan ifodalanishi — yozuvchi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadining yarmini zabt etganidan dalolat beradi. Buyuk fransuz yozuvchisi Albert Kamyu shunday ijodkorlar sirasiga kiradi. O‘z asarlari bilan jahon tafakkuri va dunyoqarashiga katta taʼsir o‘tkaza olgan yozuvchining “G‘arb vijdoni” degan sharafli nomga munosib ko‘rilishi bejiz emas, albatta. Kamyuning ana shunday asarlaridan biri “Begona” qissasidir.
Qissa nega bu nom bilan atalganini o‘quvchi keyinroq bilib olishi mumkin. Asar shunday so‘zlar bilan boshlanadi:
“Bugun onam o‘ldi. Yo kechamikan, bilmayman”...
Birinchi g‘ayritabiiy sahnadanoq muallif o‘quvchini dovdiratib qo‘yadi. Nega? Nima uchun? Axir, u ona?! degan savollar charxpalagi kitobxon miyasida aylanishni boshlaydi va to‘xtamaydi. O‘sha onaning farzandi, bosh qahramon — Merso. U tabiatan hech narsaga qiziqmaydi va mehr qo‘ymaydi. Hatto onasi qariyalar uyida yashaydi, farzand onasining marosimlarini ham loqaydlik bilan o‘tkazadi. Kamyu ushbu epizod orqali kimga nimani tushuntirmoqchi, bosh qahramon nega bunchalar befarq?
Yozuvchi Mersoning g‘alati xatti-harakatlarini, birinchi navbatda, uning “hayot anʼanalari”ga qarab yashashga bo‘ysunishni xohlamasligi bilan izohlaydi. U o‘quvchiga qissa syujeti “rasmiyatchilik uchun qabul qilingan odob-axloqqa ishonmaslik” degan g‘oyadan iboratligini bot-bot uqtiradi.
Masalan, onasining dafn marosimida miriqib qahva ichgani-yu, sigareta chekib o‘tirganiga eʼtibor beraylik. Ayni ushbu holat Merso ham Xudoning xom sut emgan bandasi, uning telbanamo — to‘rtinchi dunyo odami ekanligini isbotlaydi. Hatto u jinoyat sodir etishga ko‘ziga tushgan quyosh nuri sabab bo‘lganini aytadi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, Kamyu asarini absurd falsafasi ustuniga quradi. Yaʼni Merso nima mumkin, nima mumkin emasligi haqida bosh qotirmaydi, ruxsat berilgan va taqiq qo‘yilgan narsalar haqida o‘ylab ham o‘tirmaydi, u shunchaki ozod bo‘lishni — jamiyatdagi anʼanalarga bo‘ysunmaslikni, hech nimaga eʼtibor bermay, o‘zi istagandek ozod ruh bilan yashashni istaydi xolos.
Shuning uchun ham o‘zini mutlaqo erkin tutadi, hamma narsaga iznni o‘zi beradi. Alqissa, asar jamiyatdan, odamlardan begonalashib borayotgan odam haqida.
Xulosani esa har kim har xil yaratadi. Kimdir “Mersoda insoniy tuyg‘ularning zarrasi ham yo‘q, u onasiga shunday munosabatda bo‘lishga farzand sifatida mutlaqo haqli emasdi”, desa, yana kimdir “Bu Mersoning odamlar yoki onasiga emas, aksincha, o‘ziga qilgan zulmi”, deya ataydi. Asil mohiyat nima demoqda? Mersodan nafratlanish kerakmi yoki uni tushunish?! O‘quvchi dunyoga teranroq boqar ekan, asarning bosh qahramoniga rahmi kelish, achinish tuyg‘ulari bilan qayta razm soladi. Eng to‘g‘ri yo‘l ham shu aslida. Sayyoradan begonani yana begonalashtirishga haqqimiz bormikan...


